O’RTABULOQ NEFT-GAZ KONDENSAT KONI

O’RTABULOQ NEFT-GAZ KONDENSAT KONI — Buxoro viloyati Qorako’l tumanidagi kop. Buxoro shahridan 90 kilometr Janubda. 1961 yilda ochilgan. 1973 yil foydalanishga topshirilgan. Kon maydoni relefi tepaliklardan iborat. O’rtabuloq tizmasi Chorjo’y tektonik pog’onasining Markaziy qismidagi Dengizko’l ko’tarilmasining Sharqiy qismida joylashgan. Burma yirik braxiantiklinaldan iborat bo’lib, Paleogen yotqiziqlari bo’yicha uning Markaziy qismida graben mavjud, uning qanotlarini siljish amplitudasi 300 metrga teng. Konning geologik tuzilishida mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari ishtirok etadi. Yura davri yotqiziqlari qumtosh, alevrolit, gil jinslardan hamda kelloveyoksford yarusining karbonatlaridan tarkib topgan. O’rtabuloq strukturasida sanoat miqyosidagi gazlilik yura davrining karbonat yotqiziqlari (15R, 15NR gorizontlari)da aniqlangan. Gorizont yuqori g’ovaklikka ega bo’lgan organogendetritli ohaktoshlardan tuzilgan. Qazilgan 6 ta quduq 2510-2500 metr chuqurda sanoat miqyosidagi gaz, 5 ta quduq 2578-2556 metr chuqurda kuchsiz neft oqimi (300 l/sutka) bo’lgan uyumlarni ochgan. Gaz uyumi gumbazsimon, massiv ko’rinishda. Kondagi 15gorizontning qatlam suvlari yuqori darajada minerallashgan, namakob turiga mansub. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.