DERATIZATSIYA
DERATIZATSIYA (Fransuzcha deratisation — kemiruvchilarni qirish) — yuqumli kasalliklarni tarqatadigan hamda xalq xo’jaligiga iqtisodiy zarar keltiradigan kemiruvchilarni qirish. Profilaktik va qirib yo’qotish tadbirlarini o’z ichiga oladi. Profilaktik tadbirlar zararkunanda kemiruvchilarning uya qurishi, ovqatlanishi hamda ko’payishiga imkon beradigan sharoitlarni yo’qotishga, turar joy, xo’jalik binolarini, go’sht korxonalari, go’sht asraladigan muzxonalar, aralash yem korxonalari, elevator, tegirmon, omborxonalarni ular kirishidan himoya qilishga qaratilgan bo’ladi. Buning uchun don, un, sabzavot, go’sht va boshqa mahsulotlarni kemiruvchilar tegmaydigan idishlarda saqlash; uy va hovlilarga, oziq-ovqat, yem-xashak saqlanadigan binolarga kemiruvchilar kirmasligi uchun ularni doim Ozoda tutish, qolgan ovqatlar solinadigan chelaklar va axlat yashiklarini o’z vaqtida bo’shatib turish, teshik-tirqishlarni berkitib tashlash, havo kiradigan tuynuklarga metall to’r tutish, podval derazalariga oyna solish va sim to’r tutish kerak. Kemiruvchilarni qirishni (biologik, mexanik va kimyoviy) profilaktik tadbirlar bilan birga qo’shib olib borish zarur. Biologik usul bilan qirishda mushuk, it, ba’zan tipratikandan foydalaniladi. Yirtqich qushlar (Yapaloqqush, burgut va boshqalar), tulki, sassiqko’zan, kirpi, mushuk kabi hayvonlar kemiruvchilarni yo’qotadigan tabiiy biologik kushandalardir. Mexanik vositalarga qopqon, tuzoqlar kiradi. Kemiruvchilarga karshi kurashishning kimyoviy usulida turli xil zaharli moddalar qo’llaniladi. Bunda tarkibida rodentsidlar bo’lgan zaharli xo’raklardan foydalaniladi yoki ular kemiruvchilar chikadigan teshikka sepiladi. Zaharli moddalar bilan ishlaganda ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilish kerak. Kemiruvchilar paydo bo’lganda sanepidstantsiyaga xabar qilish lozim, u butun binoda Deratizatsiya o’tkazadi.