EHTIYOJLAR
EHTIYOJLAR — organizm, inson shaxsi, ijtimoiy guruh, umuman jamiyatning hayot faoliyatini saqlab turish uchun zarur bo’lgan narsalarga talab, muhtojlik. Nazariy va amaliy iqtisodiyotning fundamental kategoriyalaridan biri. Ehtiyojlar sub’yekt bilan uning faoliyati o’rtasidagi bog’lanishlarni ifoda etadi va maqsadlar, mayllar, intilishlarda va pirovardida hatti-harakatlar, fe’l-atvorda yuzaga chiqadi. Faoliyat sohasiga qarab mehnatga, bilimga, muloqotlarga; ob’yektiga qarab moddiy, ma’naviy; sub’yektiga ko’ra yakka (shaxsiy), guruhiy, jamoaviy, ijtimoiy Ehtiyojlar bo’lishi mumkin. Ehtiyojlarning umumiy qonuniyati — ularning umuman bevosita inson faoliyatiga, xususan, ijtimoiy ishlab chiqarish ga bog’liq bo’lishidir. Ayni payda faollikka undovchi kuch bo’lgan Ehtiyojlar, o’z navbatida, hayot sharoitlariga tanlama ta’sir ko’rsatadi, ularning o’ziga xos tomonlarini belgilaydi, u yoki bu faoliyat usullarini va Ehtiyojlarni qondiradigan predmetlar ishlab chiqarishni rag’batlantiradi. Masalan, bir vaqtlar kishilarda avtomobilga paydo bo’lgan Ehtiyojlar ularni yaratish yo’lida izlanishlarning boshlanishiga sabab bo’ldi, butun bir sanoat tarmog’ining paydo bo’lishiga olib keldi. Tarixan Ehtiyojlar o’sib boradi, ular xilma-xil, o’zgaruvchan, tuzilmaviy o’zgarishlarga uchrab turadi. Ehtiyojlar tizimida iqtisodiy ehtiyojlar asosiy o’rinda turadi. Ularga birinchi navbatda, moddiy-ashyoviy Ehtiyojlar (moddiy va ma’naviy) — oziq-ovqat mahsulotlariga, kiyim-kechak, axborot vositalari (gazeta, kitob va boshqalar) ga Ehtiyojlar, shuningdek, iqtisodiy Ehtiyojlar tuzilmasida oliy o’rinda turadigan mehnat qilish, ta’lim olish, sog’liqni saqlash Ehtiyojlari kiradi. Iqtisodiy Ehtiyojlarni ham ularni ro’yobga chiqaradigan sub’yektlariga qarab tasniflash mumkin (shaxsiy — yakka, jamoa va ijtimoiy — umumiy Ehtiyojlar). Bozor munosabatlari sharoitlarida iqtisodiy Ehtiyojlar pul bilan vositalanadi va talab sifatida yuzaga chiqadi. Ishlab chiqarish va Ehtiyojlar o’rtasidagi teran ichki bog’lanishlar ehtiyojlarning o’sib borishi qonunida o’z ifodasini topadi. Iqtisodiyotning butun tarixini eng oddiy Ehtiyojlardan tobora har tomonlama rivojlangan inson Ehtiyojlarining shakllanishiga o’tish tarixi tarzida qarash mumkin. Sherqul Shodmonov.