ERTO’G’RUL
ERTO’G’RUL (taxminan 1191-1281) harbiy sarkarda, o’g’uzlarning qay (qayig’) urug’idan, Usmonlilar sulolasi bobokaloni. 13-asrning 20-yillari — mo’g’ullar istilosi davrida Erto’g’rul o’z urug’doshlari bilan Movarounnahr va Xurosondan kichik Osiyoga kelib o’rnashgan. Bu paytda Kichik Osiyodagi Saljuqiylar davlati bir-biridan mustaqil 12 ta beklik (beylik)ka ajralib ketgan edi. Ana shunday bekliklardan biri Osiyoning shim.g’arbiy qismida — Ko’niya sultonligi hududida tashkil topgan bo’lib, bu beklikning asoschisi Erto’g’rul hisoblangan. U chegara hududlarida xizmat qilgan va saljuqiylardan iqto sifatida mazkur mulkni olgan va ularga tobe bo’lgan. Bu beklik Syogyut (sugut) atrofi (Biljiq va Eskishahar o’rtasi)dagi hududni o’z ichiga qamrab olgan. Erto’g’rul Eskishahardan to Yangishahargacha bo’lgan 50 kilometrlik hududni ham o’ziga bo’ysundirgan. O’g’uz turklarining qay urug’i Eskishahar va Anadolu atroflariga kelib o’rnashganda ular hali Islom dinini qabul qilishmagan edi. Biroq ular musulmon bo’lgach, tez orada Islom dinining eng otashin himoyachilariga aylanishgan. Erto’g’rul boshchiligidagi turkiylar qo’shini salibchilarga kuchli zarbalar bergan. Erto’g’rul uzoq umr ko’rib, ba’zi manbalarda yozilishicha, 90 yoshida olamdan o’tgan. U tiriklik payti — 1281 yilda o’g’li Usmon I ga mazkur beklik boshqaruvini topshirgan. Ll:Miller A.F., Kratkaya istoriya Tursii, M., 1948; Raxmanaliev R., Imperiya tyurkov, M., 2002.