ERXARD REJASI

ERXARD REJASI — nemis iqtisodchisi, GFRning davlat va siyosiy arbobi Lyudvig Erxard (1897-1977) tomonidan olg’a surilgan ijtimoiy bozor xo’jaligi kontsepsiyasi va neoliberalizm g’oyalariga asoslangan iqtisodiy islohotlar dasturi. Erxard rejasi G’arbiy Germaniyaning «nemis mo’jizasi»ga erishish imkonini bergan iqtisodiy islohotlar majmui bo’lib, unda 2-jahon urushida vayronaga aylangan mamlakatni, izdan chiqqan iqtisodiyotni qayta tiklash omillari belgilab berilgan. Bu reja 1948 yildan boshlab GFR kantsleri K.Adenauer va L.Erxard hamkorligida mamlakat iqgisodiy siyosatining asosiy vazifasi sifatida qabul qilingan va amalga oshirilgan. Erxard rejasiga ko’ra, 1948 yil 21 iyunda mamlakatda asosiy muammo bo’lgan yuqori inflyasiyani jilovlash uchun o’ta keskin pul islohoti amalga oshirildi, eski reyxsmarka (RM) o’rniga yangi doychmarka (dm) joriy qilindi. Bunda kishi boshiga 40 dm 1/1 nisbatda, qolgan mablag’lar esa yangi valyutaga 1/10 nisbatda almashtirildi. Shuningdek, tijorat banklardagi jamg’armalarning katta qismi muzlatib qo’yildi (1948 yilda 30% va 1949 yilda 70%). Ayni paytda GFR hukumati ishlab chiqarishni qo’llabquvvatlash maqsadida amaldagi soliq stavkalarini keskin pasaytirdi, Nemis yerlari banki (GFR Davlat banki) esa majburiy zaxiralar me’yorini pasaytirdi. Mazkur choralar iqtisodiyotni keng miqyosda arzon kreditlar bilan ta’minlab berdi. 2-jahon urushidan keyin AQShning G’arbiy Yevropani qayta tiklashga qaratilgan Marshall rejasi doirasida GFRga ajratilgan 2,422 milliard AQSh dollari miqdoridagi yordam ham Erxard rejasining muvaffaqiyatini ta’minladi. Ijtimoiy bozor xo’jaligi modelida totalitar markazdan boshqariladigan iqtisodiyotdan keskin farqlanadigan usullar qo’llanildi. Natijada qisqa muddatda GFR da iqtisodiy yuksalish jarayonlari boshlandi. Jumladan, 1948 yil GFRda sanoat ishlab chiqarish 50%, 1949 yilda esa 25% o’sdi. 1953 yilga kelib GFR yalpi ichki mahsulot, sanoat ishlab chiqarish bo’yicha G’arbiy Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng kuchli mamlakatiga aylandi, nemis doychmarkasi esa dunyoning qadrli valyutalari qatoridan joy oldi. Erxard rejasi bosqichma-bosqich (1-bosqich 1948— 56 yillarda, 2-bosqich 1957-64 yillarda) amalga oshirildi. 1963— 67 yillarda GFR kantsleri bo’lgan L.Erxard 1965 yilda GFRda «ijtimoiy bozor xo’jaligi»ni barpo etish dasturi nihoyasiga etganligini e’lon qildi. Erxard rejasi va uning asosiy g’oyalari GFRda o’z hayotiyligini ko’rsatdi va boshqalar bir qancha mamlakatlar (Shvetsiya, Finlyandiya va boshqalar)da keng qo’llandi. Qahramon Haqberdiyev.