ER-XOTIN

ER-XOTIN (O’zbekiston Respublikasida, huquqiy holati) — o’zaro nikohda turgan shaxslar. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida ro’yxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar Er-xotin hisoblanadi va shu paytdan e’tiboran ular o’rtasida Er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi. O’zbekiston Respublikasi oila qonunchiligiga binoan, faqat FHDYO organida qayd etilgan nikohgina Er-xotinlik huquq va majburiyatlarini keltirib chiqaradi. Diniy rasmrusumlarga binoan tuzilgan nikoh hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. Er-xotinning huquq va majburiyatlari 2 ga: shaxsiy huquq va majburiyatlar; mulkiy huquq va majburiyatlarga bo’linadi. Er-xotinning shaxsiy huquq va majburiyatlariga Er-xotinning oilada tengligi, familiya tanlash huquqi, bolalar tarbiyasi va oila turmushi masalalarini birgalikda hal qilish, mashg’ulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlari kiradi. Er-xotinning oilada tengligi oila huquqining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan, «xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar » (46-modda). Oilada ham erkak va ayollar siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy masalalarda teng huquq hamda majburiyatga egadirlar. Bo’lajak Er-xotinlar nikohni qayd ettirish uchun FXDYO organiga ariza berganidan so’ng, ularga o’zaro kelishuv asosida familiya tanlash huquqi beriladi. Qonunchilik o’zaro rozilik, tenglik asosida er yoki xotinning familiyasini umumiy familiya qilib tanlashlariga imkoniyat beradi. Bir tomon familiyasining o’zgarishi 2-tomonning ham familiyasining o’zgarishiga olib kelmaydi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko’ra, ota-onalar o’z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Ushbu norma oila kodeksining 21-moddasida ham belgilangan bo’lib, unga ko’ra, bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini Er-xotin birgalikda hal qilishlari lozim bo’ladi. Bu borada ular o’rtasida rozilik bo’lmasa, er yoki xotindan biri yoki ikkalasi birgalikda vujudga kelgan nizoni hal qilish uchun tegishli davlat organiga murojaat etish huquqiga egadir. Er-xotin mashg’ulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlarida teng hisoblanadi. Oilada mashg’ulot turi, kasb tanlash masalalari kelishilgan holda hal qilinadi. Ammo ularni uzil-kesil hal qilish Er-xotinning har biriga tegishli bo’lgan huquq hisoblanadi. Er-xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari 2 asosda: qonun va shartnoma asosida vujudga keladi. Qonun asosida vujudga keladigan mulkiy huquqlariga Er-xotinning nikohgacha bo’lgan har birining xususiy mulki, ularning umumiy birgalikdagi mulklari, aliment huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadigan mulkiy huquqlari kiradi. Er-xotin har birining xususiy mulkiga: er va xotinning nikohga qadar o’ziga tegishli bo’lgan molmulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan molmulki kiradi. Er-xotinning xususiy mulkidan tashqari ularning shaxsiy foydalanishdagi buyumlari ham mavjud bo’lib, ular qimmatbaho buyumlar va zebu ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyimbosh, poyabzal va shahrik)dir. Ular garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablag’i hisobiga olingan bo’lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er yoki xotinning xususiy mulki hisoblanadi. Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, bo’lajak Er-xotinning umumiy mablag’lari hisobiga olingan molmulklari agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha xol ko’rsatilmagan bo’lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi (oila kodeksi, 23-modda). Er-xotinning umumiy mol-mulkini bo’lish Er-xotindan birining talabiga ko’ra, ular nikohda bo’lgan davrda ham, nikohsan ajrashgandan keyin ham, shuningdek, kreditor er va xotindan birining umumiy mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni bo’lish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi oila kodeksida nikoh shartnomasi normalangan (29-modda). Unga binoan, Er-xotinlar yoki bo’lajak Er-xotinlar nikohda bo’lgan davrida va (yoki) Er-xotin nikohdan ajratilgan taqdirda, o’zlarining mulkiy huquq hamda majburiyatlarini nikoh shartnomasiga asosan kelishib, belgilab olishlari mumkin. Shartnoma shartlariga binoan, Er-xotinlar umumiy birgalikda, xususiy, aliment huquq va majburiyatlarini belgilab, o’zgartirib, bekor qilishlari mumkin. Er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek, xotin homiladorlik davrida va o’rtada bola tug’ilgandan boshlab 3 yil davomida, o’rtada bolaga qaragan yordamga muhtoj xotin (er) yordam berishga qodir bo’lgan er (xotin)dan sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega. Shoira Yo’ldosheva.