YO’L QURILISHI ISHLARI

YO’L QURILISHI ISHLARI — avtomobil yo’llarini qurishdagi kompleks ishlar; tayyorlov va asosiy ishlarga bo’linadi. Tayyorlov Yo’l qurilishi ishlarida qurilish uchastkasi buta, to’nka yoki toshlardan tozalanadi, quruvchilarga vaqtinchalik turarjoy, maishiy inshootlarni qurish va boshqalar amalga oshiriladi. Asosiy Yo’l qurilishi ishlari yo’l qurilishiga kerak bo’ladigan materiallarni tayyorlab beradigan tayyorlash ishlariga va ularda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish ishlariga bo’linadi. Tayyorlash ishlariga karerlardan yo’llarni qurish uchun kerak bo’ladigan tosh yoki boshqa materiallarni qazib olish va ularga ishlov berish ishlari, shuningdek, beton qorishmalar, yo’l plitalari, quvurlar, ko’prik konstruktsiyalari va b. tayyorlanadigan ixtisoslashtirilgan korxonalardagi ishlar kiradi. Qurilish-montaj ishlariga bevosita yo’l trassasida amalga oshiriladigan ishlar: yo’l to’shamasini tayyorlash, sun’iy inshootlar (tunnel, yo’l o’tkazgichlar, ko’priklar) qurish, yo’l qoplamasini yotqizish, yo’l chetini tekislash, Nishab va o’yiqlarni mustahkamlash, yo’l belgilari, to’sikdar o’rnatish va boshqalar. Yo’l qurilishi ishlari yo’l trassasidagi ish hajmini bir tekisda taqsimlab va kichik yo’l uchastkasidagi katta hajmdagi ishlar (mas, baland to’kmalar barpo qilish) ni bajarib amalga oshiriladi. Yo’l qoplamasining xiliga qarab Yo’l qurilishi ishlari texnologiyasi turlicha bo’ladi. Masalan, asfalt-beton yotqizishda asosning pastki qatlamiga qum sepib, ustki qalamiga tsement qo’shilgan shag’al yotqiziladi, ikki qatlam bitum mineral va asfalt-beton aralashmasi yotqiziladi. Yo’l qurilishi ishlari yo’l mashinalari yordamida potok usulda bajariladi. Ad.: Moilevich V. M., Osnovi organizasii dorojno-stroitelnix rabot, M., 1975.