YETTIXO’JA QO’ZG’OLONI
YETTIXO’JA QO’ZG’OLONI — Qashqarda Ofoqxo’ja avlodlaridan yettita Xo’ja (Kattaxonto’ra, Kichikxonto’ra, Valixonto’ra, Tavakkalxonto’ra va boshqalar) rahbarligida manjur hokimlarining zulmiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon (1846-47). Bu qo’zg’olonga Tangritog’ qirg’izlari ham qatnashgan. G’alayonchilar 30 kunlik jangdan so’ng 1846 yilning kuzida Qashqar shahrini egallab, mustaqil hokimiyat o’rnatdilar. Kattaxonto’ra Qashqar hokimi deb e’lon qilindi. Xo’jalar Qashqarda Qo’qon xonligining idora tartibini qo’lladilar, katta lavozimlarga Qo’qondan kelgan shaxslarni tayinladilar. Ayrim beklarning mol-mulki musodara qilingan. Bu hol qo’zg’olonning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Yangi hokimiyatni Yorkent, Xo’tan viloyatlari qo’llabquvvatlamadi. Bundan foydalangan manjur qo’shinlari Xo’jalar ustidan osonlik bilan g’alaba qozondi (1847). Xo’jalar bilan Qo’qonga qochgan 20 ming kishining ko’pchiligi tirak dovoni (Qashqar — O’sh yo’li) dan o’tishda sovuqdan halok bo’ldi. Ad.: Valixanov Ch. Ch., Sobr. soch. [v 5ti t.], t.2, Alma-Ata, 1962.