YER OSTI MUZI
YER OSTI MUZI — yer po’stidagi kelib chiqishi va yotish shakli har xil bo’lgan muz. Hosil bo’lgan vaqtiga ko’ra hoz. zamon va qazilma, kelib chiqishi bo’yicha birlamchi (singenetik), ikkilamchi (epigenetik) va ko’milgan muzlar bo’ladi. Birlamchi Yer osti muzi — suv dastlab bo’sh jinslarda to’planadi, so’ngra muzlaydi; bular Yer osti muzining ko’p qismini tashkil etib, ko’pincha kontakt, g’ovak, pardali bazal muz-tsement ko’rinishida, shuningdek, segregasion va in’ektsion muz deb atalmishlari ham yirik linza va qatlam shaklida uchraydi. Keyingi ikkitasining shakllanishi yer yuzasida sovuqdan ko’pchishni keltirib chiqaradi, natijada inshootlar deformasiyaga uchraydi yoki joyidan siljiydi. Ikkilamchi Yer osti muzi — muzlagan zich yoki muzlayotgan jinslarning yoriq (tomir muzi), kavak va bo’shliqlarida (g’or muzi) suv va suv bug’larining sovib kristallanishidan vujudga keladi. Yoriqlardagi tabiiy muzxonalarni har yili muz bilan to’lishidan qayta tomirli muz hosil bo’ladi. Muztomirlarning hosil bo’lishi bilan bir paytda yangi cho’kindilar yig’ilsa, ko’tarilib borayotgan muz yuzasining orqasidan muztomirlar asta-sekin o’sib boradi. Muzlayotgan cho’kindilardagi singenetik muztomirlarning kengligi 8 metrgacha, bo’yi 40-80 metr. Bular Sibir shimoli va Alyaskadagi dengiz oldi tekisliklarining 70% gacha maydonini egallagan. Ko’milgan muz avval yer yuzasida (dengiz, Daryo, ko’l muzi va boshqalar) hosil bo’lib, keyinchalik cho’kindi jinslar bilan ko’milib qoladi. Ko’milgan muzlarning eng yirik massivlari ulik muz deb ataladi. Yer osti muzi ko’p yillab muzlab yotgan tog’ jinslari tarqalgan oblastlarda mavjud. U litosferaning eng beqaror qatlami bo’lib, tog’ jinslarini muzlatadi, ularning fizik-mexanik xususiyatlarini o’zgartirib yuboradi. Yer osti muzining Yer kurrasidagi o’rtacha hajmi 0,3—0,5 million kilometr kub. O’rta Osiyo tog’larida Yer osti muzi baland tog’muzliklari hududida 3500 metrdan yuqoridagi qatlamlarda uchraydi. Yer sharida iqlimning o’zgarishi (isib borishi) muzlarning ortiqcha erishiga, termokarstlarning o’pirilishiga, soliflyuktsiya muz surilmalari kabi xavfli geologik hodisalarning sodir bo’lishiga olib keladi. Inshootlar va boshqa ob’yektlarni loyihalashda Yer osti muzini hisobga olish zarur.