TSESTODOZLAR

TSESTODOZLAR — tsestodalar va ularning lichinkalari qo’zg’atadigan invazion kasalliklar (gelmintozlar). Odam va hayvonlarda uchraydi. Tsestodalarning etilgan (tasmalik) shakllari odam hamda hayvonlar ichagida yashaydi va urchiydi, ular tuxumi axlat bilan tashqi muhitga chiqadi va lichinka davri oraliq xo’jayin (cho’chqa, ho’kiz, baliq va boshqalar) tanasida kechadi. Tsestoda lichinkalari — finnalari odamga chala pishirilgan baliq, qoramol go’shtini iste’mol qilganda o’tadi. Ular odam ingichka ichagida jinsiy yetiladi va parazitlik qiladi. Tsestodalarning exinokokk shakli odam va o’txo’r hayvonlarning jigar, o’pka, miya, ko’mik va hokazolar a’zolarida parazitlik qiladi. Yetuk tsestodalar qo’zg’atadigan kasalliklar birmuncha yengilroq kechib, ba’zan hazm a’zolari va nerv sistemasi faoliyati buziladi. Tsestoda lichinkalari qo’zg’a-tadigan exinokokkoz, tsistiserkoz, tsenuroz kabi kasalliklar ancha og’ir o’tadi. Kasallikning shakliga qarab davolanadi. Oldini olish uchun gusht mahsulotlarini yetarli pishirib iste’mol qilish, uy hayvonlari (itlar) bilan yaqin muloqotda bo’lmaslik, oqar suvlar va o’tloq joylarni ifloslan-tirmaslik, shaxsiy va ovqatlanish gigienasiga qat’iy rioya qilish, bemorlarni to’la-to’kis davolash zarur. Hayvonlarda avitellinoz, moniezioz, tsenuroz, tsistiserkoz, exinokokkoz va boshqalar uchraydi. Ichak Tsestodozlarida ovqat hazm qilish buziladi, exinokokkozda jigar, o’pka sohalarida og’riq paydo bo’ladi, qo’ylar tsenurozida esa harakatni boshqarish buziladi. Kasal hayvonlar o’smaydi, ozadi. Kasallik antigelmintlar bilan davolanadi. Oldini olish va kurash choralari gel’mintsizlantirish va veterinariyasanitariya qoidalariga rioya qilishdan iborat.