Qadimgi zamonlarda kutubxonalar bo’lganmi?
Kutubxona — inson tomonidan bitilgan hamma narsani bir joyga to’plashga urinishdir. Bu yo’nalishda Iso Masih Mavludidan ancha oldinroq dastlabki sa’y-harakatlar qilingan edi. Payg’ambar Ibrohim alahissalomning Ur shahrida qazish ishlari o’tkazgan olimlar yozuvli sopol toshtaxtachalarni topdilar. Ular miloddan avvalgi 800 yilga oid va bu yodgoliklar birinchi kutubxona deb hisoblanishi mumkin. Miloddan avvalgi 600 yilda Mesopotamiya (Mobaynulbahr) aholisi ibodatxonalar va saroylarda durust kutubxonalar tashkil etishgan, sopol toshtaxtachalar ularda «kitob» o’rnini bosgan. Ana shunday minglab mixxatlar ibodatxonalar va saroylarda mavzuga ko’ra jamlangan edi. Bu to’plamlar dastlabki haqiqiy kutubxonalar bo’lgan. Misrliklarning ham o’z kutubxonasi bo’lgan. Ular ibodatxonalarda tashkil etilar va kohinlar ular xususida g’amxo’rlik qilishar edi. Kitoblar papirusdan qilingan o’rama shakliga ega edi. Ammo qadimgi zamonlarning eng mashhur kutubxonasi Iskandariyada, Misrda jamlangan edi. U miloddan avvalgi 700 yilda tashkil etilgan. Bu butun yunon adabiyotini jamlashga dastlabki urinish edi. U kamida 700000 papirus varag’iga ega bo’lib, o’z navbatida varaqlar xuddi zamonaviy kutubxonalardagi singari katalogga kiritilgan va to’lasincha sohalashtirilgan edi. Rimliklar avvaliga kutubxonalarga qiziqishmadi. Ammo yunonlar ularni ilhomlantirdilar va ular ochiq kutubxonalar tizimini yaratdilar. Rimning badavlat fuqarolari xalq uchun kutubxonalarga asos soldilar va o’zlari uchun katta kollektsiyalarni to’pladilar. Ilk Rim kutubxonalaridan ko’pchiligi tantanalar o’tkaziladigan joylarda va jamoat hammomlarida joylashgan edi. IV asrda Rimda 28 ta ochiq kutubxona bo’lgan. Ularning aksariyati yong’in, talon-taroj chog’ida, zaxdan buzilib ketgan yoxud Rim imperiyasiga shimoldan varvarlar hujum qilgan paytda yakson qilingan edi. Zamonaviy ko’rinishdagi ochiq kutubxonalar XIX asrda Angliyada vujudga kelgan. Angliya parlamentining qarori bilan 1850 yilda ommaviy kutubxonalar ochishga ruxsat berilgan edi. Biz bugun, albatta, ommaviy kutubxonalarga sivilizasiya asosi sifatida qaraymiz.