IQTISODIY TSIKL
IQTISODIY TSIKL – umumiy iqtisodiy faollikning muayyan yillar davomida davriy yuksalib va pasayib, tebranib turishi; bir necha yillar davomida iqtisodiyotda yuksalish va pasayishning davriy takrorlanib turishi, yuksalish, tanglik, depressiya, jonlanish fazalaridan iborat. Vaqtga nisbatan har 20-25 yilda takrorlanib turadigan uzoq va har 5-10 yilda takrorlanadigan qisqa Iqtisodiy tsikl bor. Alohida Iqtisodiy tsikl bir-biridan davomiyligi va jadalligi bo’yicha keskin farqlanadi. Shu bilan birga ularning hammasi bir xil fazalarga ega bo’ladi. Tsiklning eng yuqori nuqtasida iqtisodiyotda to’liq bandlik kuzatiladi va ishlab chiqarish to’liq yoki deyarli to’liq quvvat bilan ishlaydi. Tsiklning bu fazasida narx darajasi o’sish tamoyiliga ega bo’ladi, iqtisodiy faollikning o’sishi to’xtaydi. Tanglik fazasida ishlab chiqarish va bandlik qisqaradi, ammo narxlar pasayish tamoyiliga berilmaydi. Tanglikning quyi nuqtasida ishlab chiqarish va bandlik o’zining eng past darajasi bilan xarakterlanadi. Jonlanish fazasida ishlab chiqarish darajasi ko’tariladi, bandlik esa to’liq bandlik darajasigacha o’sadi. Iqtisodiyot nazariyasida Iqtisodiy tsiklning asosiy sababi yalpi talab bilan yalpi taklif o’rtasidagi muvozanatning buzilishi va uning yana qaytadan tiklanishi tarzida izohlanadi. Iqtisodiy tsikl milliy iqtisodiyotning o’zini o’zi tartibga solishi usullaridan biridir. Shodmon Sherqulov.