YAPROQOYOQLILAR
YAPROQOYOQLILAR — jabraoyoqlilar kenja sinfiga mansub qisqichbaqasimonlar turkumi. 600 dan ziyod turi ma’lum. 2 yonga nishablangan, qalqon yoki 2 tavaqali chig’anoq shakldagi boshko’krak qalqoni (karapaks) bor. Ko’zlari fasetkali, poyachasiz. Ko’krak oyoqlari yaproqsimon (nomi shundan). Qorin bo’limi birmuncha reduktsiyaga uchragan. Asosan, chuchuk suvlarda tarqalgan; dengizlarda ham uchraydi. Jinsiy, ko’pchiligi partenogenez yo’li bilan ko’payadi. Tuxumi qurg’oqchilikka chidamli (shamol bilan tarqalishi mumkin). 3 turkum: qalqondorlar, chig’anoqlilar va shoxdormo’ylovlilarga bo’linadi.