IQLIM XARITALARI

IQLIM XARITALARI — ma’lum hududning iqlim xususiyatlarini aks ettiradigan geografik xaritalar. Meteorologik elementlarning ko’p yillik kuzatish ma’lumotlari asosida tuziladi. Iqlim xaritalarida iqlimiy izochiziq o’tkaziladi. Masalan, izotermalar o’rtacha temperaturasi bir xil bo’lgan barcha nuqtalarni, izobaralar atmosfera bosimini, izogietalar yog’in miqdorini, izonefalar bulut mikdorini, izotaxalar bir xil tezlikdagi shamollarni, izohronalar iqlim hodisalari (birinchi sovuq tushishi, qor qoplamining paydo bo’lishi va yo’qolishi, daryolarning muzlashi va ochilishi va boshqalar) bir xil muddatda boshlanadigan joylarni ko’rsatadi va hokazolar. Izochiziqlar oralig’i bo’yoq yoki shtrixlar bilan aks ettiriladi. Iqlimning turli ko’rinishlarini ta’riflashda ham izochiziqlar ishlatiladi: quyosh chiqib turgan davr, yog’in, tuman, kuchli shamollar, momaqaldiroq, sovuq urishi va boshqalar ham izochiziqlar bilan ko’rsatiladi. Shamollar shamol diagrammalari bilan, bunda ko’p esadigan shamollar yo’nalishi ba’zan strelkalar bilan, ularning qanchalik tez takrorlanishi esa shartli belgilar bilan ko’rsatiladi. Iqlim xaritalari ko’proqoylik va yillik, ba’zida mavsum (davr) uchun tuziladi. Iqlim xaritalariga iqlim turlarining taqsimlanishi (hududni iqlimiy rayonlashtirish xaritasi) ham kiradi. Yo’ldosh Tog’aymurodov, Gulruh Hamidova.