YANGI JANUBIY UELS
YANGI JANUBIY UELS — Avstraliya Ittifoqining Janubiy Sharqiy qismidagi shtat. Maydoni 800,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 6,5 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Sidney shahri mamlakat poytaxti Kanberra shahri ham shtat hududida. Yer yuzasi, asosan, tekislik. Yirik daryolari: Murrey va uning irmoqdari. Sharqida katta suvayirg’ich tizma va kambar dengiz bo’yi pasttekisligi bor. Iqlimi kontinental va quruq iqlim. Yillik yog’in 1200— 1500 millimetr, tekisliklarda 250 millimetrgacha. O’rtacha oylik temperaturalar 10-12° dan 22-26° gacha. Sohil va tog’yon bag’irlarida evkalipt o’rmonlari bor, qolgan qismi savannalardan iborat. Yangi Janubiy Uels mamlakatning aholisi eng ko’p va iqtisodiy jihatdan rivojlangan shtati. Toshko’mir, rux, qo’rg’oshin, Kumushning yirik konlari bor, shuningdek, rutil kontsentrati olinadi. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, kemasozlik sanoatlari rivojlangan. Ekin maydonining katta qismiga bug’doy ekiladi. Shuningdek, arpa, suli, makkajo’xori, shakarqamish va paxta etishtiriladi. Bog’dorchilik va sabzavotchilik rivojlangan. Chorvachilik sut va go’sht yetishtirishga ixtisoslashgan. Sidney, Nyukasl, PortKembla kabi yirik portlari bor. Murrey daryosida kema qatnaydi.