YANGIYER

YANGIYER — Sirdaryo viloyatidagi shahar. Viloyat Kengashiga qarashli. 1957 yilda asos solingan. Toshkentdan 150 kilometr Janubi g’arbda, Toshkent — Xovos temir yo’l, Katta O’zbekiston trakti, Janubiy Mirzacho’l kanali yoqasida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Viloyat markazi (Guliston shahri) dan 30 kilometr uzoqlikda. Aholisi 30 ming kishi (2004). Shahardagi 400 dan ortiq xo’jalik yurituvchi sub’yektdan 34 tasi yirik, 46 tasi kichik korxona, 332 mikrofirma, 2 qo’shma korxona, 2 aktsiyadorlik, 32 mas’uliyati cheklangan jamiyatdir. Qurilish tashkilotlari, 3 avtokorxona, ta’mirlashmexanika, asfaltbeton, sopol quvurlari, un, non, sut zavodlari, qandolatpazlik fabrikasi, savdo, madaniy, va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 10 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziyainternat, akademik litsey, 3 kasb-hunar (qurilish, tibbiyot, pedagogika) kolleji mavjud. 5 kutubxona, 2 madaniyat uyi, klub, madaniyat va istirohat bog’i bor. 58 sport inshooti, shu jumladan, stadion, sport zallari, 2 suzish havzasi, sport maydonchalari, bolalar va o’smirlar sport maktabi, bolalar futbol maktabi, «Yangiyer» futbol komandasi faoliyat ko’rsatadi. Sayyohlik tashkiloti mavjud. Shaharda 3 ta kasalxona, 2 ta poliklinika, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Jarqoq — Toshkent gaz quvuri shaharni gaz bilan ta’minlaydi. Yangiyerdan Toshkent, Guliston, Jizzax, Balandchaqir, Boyovut va boshqalar yo’nalishlar bo’yicha avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan.