FARG’ONA-TOSHKENT MUSIQA USLUBI
FARG’ONA-TOSHKENT MUSIQA USLUBI — Farg’ona vodiysi va Toshkent vohasida qaror topgan mahalliy musiqiy an’analar majmui. Mazkur uslubning o’ziga xos jihatlari o’zbek xalq musiqa ijodiyoti (bolalar qo’shiqlari, ayollar folklori, terma, lapar, Yalla, ashula va boshqalar) hamda mumtoz musiqa (Doston, ashula, katta ashula, makom va boshqalar) namunalarida kuzatiladi. O’zbek an’anaviy musiqasining muhim tarkibiy qismi bo’lgan ushbu uslub doirasida xalq musiqasining eng qad. davrlarga mansub kuy-ohang va usul namunalari ham o’z aksini topgan. Jumladan, bolalar («Laylak keldi», «Olatoy», «Oftob chiqdi» va boshqalar) va mavsumiy-marosim qo’shiqlari («Boychechak», «binafsha» va boshqalar)da xalq musiqiy tafakkurining ilk bosqichlariga oid quyi (birlamchi) tuzilma va Darakchi ohang alomatlari, parda asoslarida esa angemitonika xususiyatlari yaxshi saqlanib qolgan. Shuningdek, inson nutqi, so’z aytish talaffuziga yaqin ohanglar dostonchi baxshilar ijodida ham muhim o’rin tutadi. Farg’ona—Toshkent musiqa uslubigagina xos bo’lgan katta ashula janrida esa nutqdosh ohanglarning mumtoz g’azallar obrazlariga hamohang kuychanlik bilan payvasta bo’lgan. Odatda, so’zdosh toifali ohanglar qo’llangan janrlar doira usullari qo’llanilmaydi. Bulardan farqli o’laroq, kuychan xususiyatli janrlar (ashula, Yalla, maqom va boshqalar)da jo’rnavoz cholg’ular keng qo’llanilishi kuzatiladi. Xususan, xotin-qizlar davralarida raqsga tushib Yalla va lapar aytish, ashula kuylash (yallachilik) odat tusini olgan. Yakka holda yallachilar o’z qo’shiqlariga dutor yoki doirada jo’r bo’lishadi. Ansambl shaklida ijrochilar esa odatda 2-3 ayoldan iborat bo’lib, ular asosan doira jo’rligida kuylashadi. Yallachilarning repertuari Yalla, qo’shiq, lapar va to’ymarosim («yoryor», «Kelin salom», «o’lan» va boshqa asar)laridan tashkil topadi. Yallachilikning yana bir ko’rinishi Namangan an’anasida «satang» deb atalib, bular ko’proq turkumli (2 va undan ortiq qismli) «katta Yalla»larni doira jo’rligida (odatda raqsga tushib) kuylaydilar. Farg’ona—Toshkent musiqa uslubida so’lim tabiatli kuyohanglar ham shakllangan bo’lib, ularning namunalarini mahalliy ashulalarda ko’rish mumkin. Bular ikki xil bo’ladi: xalq og’zaki musiqa ijodida yuzaga kelgan ashulalar hamda bastakorlar tomonidan ijod etilgan ashulalar. «Tanavor», «Ey nozanin», «oydek to’libdur», «Farzoni», «ul parivash» singari xalq ashulalari nafaqat hofizlar, balki ziyolilar, hunarmandlar va boshqa kasb egalari, shuningdek, xotin-qizlar tomonidan ham ijro etib kelingan. Ayni paytda, «Nigorim», «Galdr», «nisor», «Fig’on», «Chaman Yalla» singari ashulalarni, asosan, hofizlar mukammal ijro etib kelmoqda. Bunda tanbur va dutor jo’rnavozligi ko’p qo’llaniladi. Bu turdagi uslubni shakllantirishda T. Jalilov, K.Jabborov, J. Sultonov, G’.Toshmatov, Fahr.Sodiqov kabi bastakorlar katta hissa qo’shganlar. Farg’ona—Toshkent musiqa uslubiga xos xususiyatlar Farg’ona—Toshkent maqom yo’llarida ham o’z aksini topgan. Xususan, ularda ashula, katta ashula, Yalla singari janrlarning muhim sifatlari o’zaro uyg’unligi kuzatiladi. Farg’ona—Toshkent musiqa uslubi doirasida qariyb barcha xalq cholg’ulari (dutor, tanbur, rubob, chang, Sato, g’ijjak, nay, qo’shnay, surnay, karnay, doira, nog’ora va boshqalar) namoyon bo’ladi. Ular yakka yoki ansambl tarkibida qo’llaniladi. Xususan, ommaviy bayram, xalq tantanalari va to’y marosimlarida surnay, karnay, nog’ora va doiralardan iborat ansambl sadolari yangrasa, uyxona sharoitlarida dutor, tanbur, g’ijjak kabi nisbatan mayin sadoli cholg’ular qo’llaniladi. Binobarin, xalq madaniy hayotida har bir cholg’u o’z o’rni, vazifasi va ijro etish uchun maxsus («Qo’shtor», «Chertmak», «Dutor Bayoti» kabi) kuylar bo’lishi bilan birga mazkur sozdan ashula, lirik qo’shiklarga jo’rnavoz sifatida ham foydalanilgan. Bu cholg’u (doira kabi) xotinkizlar orasida ham keng ommalashgan. Ammo tanbur, Sato, nay, qo’shnay, g’ijjak, chang singari sozlar, asosan, kasbiy musiqachilar cholg’usi sifatida namoyon bo’ladi. Farg’ona—Toshkent musiqa uslubida «Dilxiroj», «Andijon polkasi», «Farg’ona rezi», «Tanavor», kabi jozibali raqs kuylari ham mashhurdir. Oqilxon Ibrohimov.