SAMSUN

SAMSUN — Turkiyaning shimol qismidagi shahar. Samsun elining ma’muriy markazi. Aholisi 362,7 ming kishi (2000). Qora dengizning Samsun qo’ltig’i sohilidagi port. Tamaki yetishtiriladigan rayonning savdo-transport markazi. Oziq-ovqat, tamaki, kimyo sanoati korxonalari mavjud. Mineral o’g’itlar ishlab chiqariladi. Mis eritish zavodi, universitet bor. Baliq ovlanadi. Shahar miloddan avvalgi 6-asrda bunyod etilgan va Amisus deb atalgan.