Muallif: Tohir Malik
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Parvadigor shaytonga aytdi:
“Maloikalar maqomidan tush. Bas, senga bu maloikalar maqomida turib gardankashlik qilish yarashmaydi. Sen xorlik bilan jannatdan chiq!” Shayton aytdi: “Qiyomatgacha menga muxlat ber, meni o’ldirmagil”. Xudo aytdi: “Senga Qiyomatga qadar muhlat berildi”.
Iblis aytdi: “Meni rahmatingdan mahrum qilganing badaliga Odam farzandlarini to’g’ri yo’ldan ozdirish uchun muntazir bo’lib turaman.
So’ngra o’ng taraflaridan kelib, vasvasa qilaman va orqalaridan kelaman va chap taraflaridan kelib, yo’ldan ozdiraman. So’ngra ularning ko’plarini shukr qilguvchi hollarida topmassan”.
Parvardigor aytdi: “Ey shayton, mardudlik holatida xor bo’lib, Xudoning azobiga uchrab, jannatdan chiqib ket! Albatta,
O’z zotimga qasamki, sen bilan va zurriyoting bilan va senga tobe bo’lganlar bilan jahannamni to’ldiraman”.
(A’rof surasidan ma’no tarjima.)
MUALLIFDAN
Buyuklik va qudratda yagona, shirk va nuqson kirlaridan pok, baqoning egasi, rahmli va shafqatli Alloh taborak va taoloning muqaddas nomini dilimga muhrlagan holda so’z boshlayapman. Barcha ne’malarni ato qilguvchi – Alloh, so’ngsiz qahr bilan intiqom oluvchi ham Alloh. Osmonlaru yerda U zotga shukrlar adadi behisobdir. Avvalu oxir U zot uchun hamdlarga to’la!
Ochiq mo’jizalari bilan bani Odam ichra mumtoz janobi Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga, ahli baytlari hamda sahobalariga salovatu salomlar bo’lsin!
Assalomu alaykum, ardoqli kitobxon!
Sizlar bilan yana g’oyibona tarzda bo’lsa-da, uchrashtirayotgan Allohga ham etish barobarinda Ul zotdan Siz azizmonlar xonadoniga qut-barakot bermog’ini, shaytanat ofatidan O’z hifzi-himoyasiga olmog’ini iltijo qilaman.
“Shaytanat”, avval ham aytganimdek, uch kitobdan iborat bo’lishi kerak edi. So’ng to’rtinchi kitobni yozish ehtiyoji ham tug’ildiki, bu mehnatdan bo’yin tovlash nomardlikday tuyulib, Allohga tavakkal qilgan holda bu ishni boshlab, nihoyasiga yetkazganday bo’ldik. Bu mavzuga yana qaytish fikridan uzoqda edik. Lekin, nachora, keyin eshitgan, bilgan voqealarimiz ko’ngilni qitiqlay boshladi, asarni davom ettirishga da’vat etaverdi. Turli uchrashuvlarda ayrim kitobxonlar “asar yakunlanmagan, davom ettirish kerak”, degan fikrlarni bildirib, kaminani qo’lga yana qalam olishga undashdi. Nihoyat, xayrli oqibatni umid qilib, ishni boshlayapmiz. Uchrashuv va suhbatlarda kitobxonlarga murojaat etib, asarni shunchaki “davom ettiring”, deb emas, “yaxshilab yozing, deb duo qilishlarini so’rab edik. Duolarning ijobat bo’lishiga umid bilan dastlabki satrlarini yozyapmiz. So’nggi satrlarga qadar hamsuhbat bo’lib qolasiz, degan umiddaman. Shubhasizki, ayrim bayonlarda qalamning ojizligi sezilib qolar, buning uchun uzr so’rayman. Asar ko’nglingizga maqbul bo’lsa, bu Allohning marhamatidandir, siz – azizlarning duolaringiz oqibatidandir. Sizlarni butun qalbi bilan sevuvchi adibning minnatdorligini qabul qiling. Bir-birlarimiz xayrli duo qilishda davom etaylik.
AXTAM
1963 yil, 16 iyun, Magadan
Rixsiya shu kuni o’g’il ko’rdi.
Sururga to’la qizlik paytlarida, shirin xayollar qanotida uchgan damlarida botir va halol bir o’g’lonni uchratishni, sevib-sevilib turmush qurishni, olti yo yetti o’g’il va uch qiz kurib, umrni shukronalik bilan o’tkazishni orzu qilardi.
Bir o’g’lon uchrab, qiz ko’nglini rom etdi. Ammo, nadomatkim, y botir emas, nomard bo’lib chiqdi. Uning ayyorlik va muttahamlik chodiriga burkalgan, haromni kasb qilgan ablah ekanini Rixsiya keyinroq — taqdir yozug’idan nolib, qamoqda o’tirganida anglab yetdi. Undan bo’lgan bolani oldirib tashlashni istadi. Biroq, qamoqxona vrachi vaqt o’tganini aytib, ruxsat bermadi. Bola tushib keta qolsin, deb og’ir-og’ir narsalarni ko’tardi, vujudni zaharlashi mumkin bo’lgan narsalarni ham yeyaverdi. Lekin haromi bo’lsa-da, bir o’g’il ko’rishi taqdir yozug’ida bor ekan, uning barcha harakatlari zoye ketdi. Qamoqxonada tug’ilgan chaqaloq ozodlikdagi ayollar ham havas qiladigan darajada sog’lom va ko’rkam edi. qamoqxonadagi xotinlar har kuni bola tug’avermaydilar. Tuqqanlari esa bolasini emizishdan, hatto unga bir qarab qo’yishdan voz kechavermaydilar. Shu bois Rixsiyaning «emizmayman ham, qaramayman ham», deb boladan yuz o’girishi hamshiraning jahlini chiqardi. Avval yaxshi gapirdi, so’ng po’pisa qildi, kor qilmagach, shapalog’ini ishga soldi.
Qadimda Ovrupoda hamshiralarni «mehribonlik olihalari» deb sharaflashgan ekan. Agar bu sifat qamoqxona hamshirasiga nisbatan qo’llanilsa, «oq ishtonga jun jiyak» deganlaridek, ham kulgili, ham ensani qotiradigan bir hol vujudga kelishi mumkin edi. Ehtimol, bu ayol ozod ekanida mehribonlik nima ekanini bilgandir. Lekin kasalxonadagi tinchlantiruvchi va og’riq qoldiruvchi dorilarni o’g’irlab, giyohvandlarga sotishi oqibatida qamoqqa tushgach, eng vahshiy hayvonlarga kam bemehrlik darsidan saboq bera oladigan darajaga yetdi. Tili esa eng sukong’ich erkaklarni ham aro yo’lda qoldirib ketadigan bo’ldi. Mahkumalardan qay biri kasalga chalinib, turma shifoxonasiga bir marta tushsa-yu, keyinroq ikkinchi bor xastalansa, shu xotinni ko’rmay o’lib ketishiga ming marta rozi bo’lib qolardi. Hamshirani ana shu illatlari uchun qamoqxona ma’muriyati izzat qilar, mahkumalar esa nafratlanishardi. «Yomonning bir qilig’i ortiq», deganlariday xushbichimroq mahkumalarni qandaydir bazmlarga qantday qilib tayyorlab berish ham uning zimmasida edi. Mahkumalar orasidagi go’zallarning aksari bu xizmatdan bo’yin tovlamas, aksincha, chorlanmay qolishsa ko’ngillari xufton bo’lardi. Ular boshqa narsadan — bazm yakunlangach, tunni shu erkakshoda hamshira bilan o’tkazishdan bezishardi. Bezishsa -da, ko’nglini ovlashga majbur edilar. Chunki bazmu maishat orqasida homilador bo’lib qolishsa, bu hamshira doyalik qilib, ularni bu yukdan qutqarardi.
Rixsiyaning oy-kuni yetib, ko’zi yoriydigan paytda shu hamshira doyalik qildi. Dunyoning ajabtovurligi shundaki, haromdan bo’lgan bola haromni kasb qilgan xotin qo’lida ko’zlarini ochdi.
Ikki yuziga shapaloq tushgan Rixsiya ko’zlarini katta-katta ochib, hamshiraga qo’rqo’v bilan qaradi, navbatdagi zarbani kutdi. Lekin hamshira boshqa urmay, mahkumalarning eski choyshabiga yo’rgaklangan bolani uning tizzasiga qo’ydi.
— Agar shu bola ochdan o’lsa, seni qiynab-qiynab o’ldiraman. Shu paytgacha odamzod ko’rmagan azoblarni senga atab tayyorlab qo’yganman, — deb o’z hukmini ma’lum qilib qo’ygach, chaqaloqning yuzini ochdi.
Qornida qimirlay boshlaganidan beri o’limini istagan bolaning javdiragan ko’zlariga ko’zi tushishi bilan Rixsiyaning vujudi titrab ketdi. Ko’kragida iliqlik sezildi. Bir oz qarab turgach, ko’kragini ochib, emiza boshlaganini o’zi ham sezmay qoldi. Chaqaloq ema-ema uxladi. Rixsiya uni bag’riga bosganicha o’tirmoqchi edi, hamshira ruxsat bermadi. Bolani yulqib olib, temir panjarali eshikning temir panjarali darichasini ochdi-da, dahlizda poylab turgan ayol nazoratchiga uzatdi. Rixsiya emizayotgan paytda hamshiraning ketmay qarab turgani sababini bilolmay ajablangan edi. Bolasi xuddi keraksiz buyumday panjara naryog’iga berib yuborilgach, vujudida titroq turdi.
— Nega u yoqqa berib yubordingiz? Bolam o’zim bilan yotmaydimi? — dedi yig’lamsirab.
— Uyingda tuqqaningda yoningda yotardi. Bu yer onangning uyi emas, — deb hamshira gapni kalta qildi. Keyin asabiy ravishda to’ng’illadi: — Hozirgina bolangga o’lim tilayotuvding-ku, endi mehring uyg’onib qoldimi?
Bu gapni aytgandan ko’ra, hamshira uni tepa-tepa abjag’ini chiqarib yuborgani ma’qulrok edi. Hamshira tuhmat qilmadi, haq gapni aytdi. Achchiq haqiqatni tan olish bu mushtipar uchun nihoyatda og’ir edi. Emiza turib «bolada hech qanday gunoh yo’q-ku?! Nega unga o’lim tiladim, undan ko’ra tug’ib o’lganim a’loroq emasmidi?» deb o’zini o’zi la’natladi. Bola to’yib emib, shirin uyquga ketgach, o’zining o’lishi mumkin emasligini, go’dagini ko’krak suti bilan boqishga majbur ekanini tushundi. Onalik mas’uliyatiga itoat etgan nafasda farzandini bag’ridan yulib oldilar. Shunda y dahshatli haqiqatni angladi: qamoqxonada dunyoga kelgan o’g’li o’zi kabi ozodlikdan mahrum edi! O’zi-ku, jinoyati uchun jabr tortyapti, ammo bolada nima gunoh!
Nazoratchilar insof qilishsa, kunda to’rt yoki besh marta, bolaning big’illab yig’lashidan bezishsa, tunda ham temir panjarali eshikning temir panjarali darichasini ochib, bolani lattaga o’ralgan buyum kabi uzatardilar. Chaqalok emib, nafsi orom topgach, yana shu holda qaytarib olardilar. Rixsiya bolasining og’ziga ko’kragini solgach, uning sekinroq, shoshilmay emishini istardi. Bag’rida ko’proq olib o’tirishni xohlardi. Har safar bolani qaytarib berayotganda Rixsiyaning yuragidan bitta tomir uzilganday bo’laverardi.
Bir haftadan so’ng hamshira unga bir yangilikni ma’lum qildi:
— Bolangga tug’ilganlik haqida guvohnoma yozib berishdi. Otasining tayini bo’lmagani uchun o’zingning familiyangda qoldi. Oti «Axtam» bo’ldi.
Rixsiya maktabda o’qib yurganida sinfdosh bolaga ko’ngil qo’ygandi. Bu tuyg’u sevgi martabasiga yetmagan bo’lsa-da, uni ko’p eslardi. O’g’liga o’sha yigitning ismini berishni niyat qilib o’tirganda bu xabarning ma’lum qilinishi uni ajablantirdi:
— Nega «Axtam»?
— Kuz ochib ko’rgan yigitimning oti Axtam edi. U butun Tataristonni yotqizib-turg’izardi. Moskvaga borsa, eng zo’r mafiozlar ham qulluq qilib turardi. O’shanga o’xshab yursin, deb niyat qildim. Shu ism mendan senga yodgorlik bo’lib qolsin. Qamoqxonada o’lib ketmasang, ozodlikka chiqqaningda eslab yurarsan.
Bu gapni eshitib Rixsiyaning ko’z oldi qorong’ilashdi. Bola tug’ilganda kelajagi go’zal bo’lsin, deb umid qilinardi. Bu xotin esa bir o’g’ri-kallakesarga o’xshashini niyat qilibdi. Rixsiya hujjatda zikr etilgan ismni sira tilga olmadi. Bolasini qo’liga olganda suyganining ismini aytib, erkalardi. Axtam bu ismga ko’nikib ham qolgan edi. Bolalar uyiga jo’natilgach, onasi suygan ismni unutib yubordi.
Axtam chaqaloqlik yoshidan o’tib, emmay qo’ygach, Rixsiyaga qamroq ko’rsatadigan bo’lishdi. Bola uch yoshga to’lgan kuni hamshira uni yetaklab kirib, ona qalbini tilka-tilka qilib yuboruvchi yangilikni aytdi:
— O’g’ling bilan xayrlashib ol, endi, o’lmasang, qamoqdan qutulganingdan keyin ko’rishasan.
— Nega? — deb so’radi Rixsiya bolasini xavotir bilan bag’riga bosganicha.
— Negaligini bilmaysanmi? Qamoqxonada tug’ilganlar uch yoshga to’lgandan keyin tashqaridagi bolalar uyiga yuboriladi. O’g’ling ozod bo’ldi, quvonsang-chi!
Uch yil mobaynida qamoqxona bog’chasida ulg’aygan, ozod dunyo, ozod bolalar qanday bo’lishini bilmaydigan begunoh go’dakning erkinlikka chiqishi, albatta, quvonarli edi. Lekin y qaysi shaharni qaysi bolalar uyiga boradi? Qanday davrada kamolga yetadi?
Bu qamoqxonada ona uchun ham, bola uchun ham birgina yupanch, birgina baxtli daqiqalar bor edi. Ko’rishmoqlik, diydor saodati bu onda barham topdi. Naqadar berahmlik! Bundan so’ng diydorga qachon yetishadilar? Diydor qiyomatga qolsa-chi?
Onaning qalbi shu savollar iskanjasida. Bola qalbi bu azobdan holi bo’lsa-da, onasini boshqa ko’rmasligini sezibmi, yig’lay boshladi.
— Vaqt bo’ldi, tashqarida kutib turishibdi. O’lmasang, yetti yildan keyin ko’rasan bolangni, — hamshira shunday deb, Axtamni yelkasidan ushlab o’ziga tortdi.
Rixsiya qo’yib yuborgisi kelmadi.
— Jonim bolam, esingda tursin, sen bilan meni bebaxt qilgan odamni ulg’ayganingda topasan! Bu xo’rliklarimiz uchun o’ch ol! Uning oti…
Bolasi eslab qolsin uchun bu ismni uch marta qaytardi. Uch yoshli bolaning bu gaplapra tushunishi qiyin edi. Shunga qaramay, umid bilan aytdi. Hamshira Axtamni ona bag’ridan yulqigancha ajratib, tugun kabi qo’ltiqlab oldi-da, tashqari tomon yurdi. Bolaning yig’isi dahlizdan eshitilib turdi. Yig’i tinmay turib, Rixsiya hushsiz yiqildi.
Bu dunyoda yigirma besh yil umr ko’rgan juvon bu ayriliqqa chidolmadi. Kundan kunga so’lib boraverdi. Uch oydan keyin adolatsiz dunyoni tashlab ketdi…
Erkinlikdagi bolalar uyida o’yinchoqlar ko’p bo’lgani bilan Axtamga yoqmadi. Ozodlikda tugilib-o’sayotgan bolalar bilan qamoqxonadan kelgan Axtamning til topishishi qiyin kechdi. Ozodlikda ulg’ayayotgan ikki bola o’yinchoq talashsa yoki urishib qolsa, enagalar ularga tanbeh berib qo’ya qolishardi. Ahtam talashsa yoki birontasini ursa, jazoga tortilardi. qamoqxona bog’chasidan kelgan bolaga munosabat o’zgacha edi. Axtam buni go’daklarga xos fahmi bilan angladi. Atrofiga nafrat ko’zi bilan qarash hissi shu yerda tug’ildi.
Maktab yoshiga yetganda yana boshqa yetimxonaga jo’natildi. Onasining kamoqdan chiqib olib ketishini toqat bilan kutdi. Kun sanab yashadi. O’n yoshga to’lganida onasi ozodlikka chiqishi kerak edi. Bu shodlik kuni yaqinlashgan sayin soat va daqiqalar sanab yashadi. O’sha kun, o’sha soat, o’sha daqiqa yetdi. Ammo onasi kelmadi.
Yetimxonada bir mehribon enaga bor edi, so’rab-surishtirib, Rixsiyaning vafot etganini aniqladi. Lekin o’sha yili buni bolaga bildirmadi. Axtam kun, soat sanamasa ham onasining kelib, olib ketishini kutib, umid bilan yashayverdi. Mehribon enaga «onasi o’lgan bo’lsa, tog’alarimi yo amakilarimi bordir?» degan ilinjda yana so’rab-surishtirdi. Rixsiyaning akasi yashaydigan manzilni aniqlab, unga xat yozdi. Jiyanining ahvolini bayon qildi. Tog’adan kelgan maktub ochib o’qilgunicha mehribon enaga qalbiga quvonch baxsh etdi. «Biz u badbaxt singildan yuz o’girganmiz, demak, jiyanimiz ham yo’q», degan satrlar esa bu quvonchni zaharli tirnoqlari orasiga olib ezg’ilab tashladi. Enaga bu xatni Axtamga bermadi. Axtam maktabni bitirish arafasidagina ko’rsatdi.
— Nima uchun bunday deb yozganini bilmayman. Balki o’shanda nimadandir norozi bo’lgandir, endi hovuridan tushgandir. Uning oldiga bor, yolg’iz yurma, yolg’izlik yomon, — dedi.
— Shu yoshgacha qarindoshlarsiz yashadim, bundan keyin kam yashayman, — dedi Axtam o’jarlik bilan.
Shunday degani bilan oradan bir yil o’tmay ona yurtiga yo’l oldi. Qarindoshlardan panoh izlab emas, balki onasi va o’zining baxtiqaroligi sababini aniqlash maqsadida bordi.
FAZLIYA
1984 yil, 7 avgust
Fazliya erining qimor o’ynashiga ham, kech kelishiga ham, bir necha kunlar yo’q bo’lib ketishiga ham ko’nikib qolgan. Eri paydo bo’lganda «nega kech keldingiz?»yoki «kecha qayerda sang’ib yuruvdingiz?»deb ko’kragiga sanchqi tiramaydi. «Ovqat isitaymi, choy ichasizmi?»deb so’raydi. Qimorda baxt quyoshi qiyagina kulib boqqan bo’lsa ham, eri olib kelgan pulini o’rtaga tashlab, to tongga qadar maqtanishdan charchamaydi. Fazliya pullarni ko’rib shodlanib ketmaydi, sarflashga ham shoshilmaydi. Ro’zg’orga keraklisini olib, qolganini erining ko’zidan panaroqqa yashiradi. Eri yutqizib kelsa suvga bo’kkan mushukday kunishib oladi. Tonggacha uxlamaydi, dardini ichiga yutib, o’zi yog’iga o’zi qovrilib jimgina o’tiraveradi. Oxiri u «puldan qolganmi?»deb xotiniga yalinadi.
Fazliya qimorbozlarning yaxshi-yomon odatlari haqida ko’p mish-mishlarni ham, to’g’ri gaplarni ham eshitgan. Xotinlarni qimorga tikib yuborish oqibatlarini ozmi-ko’pmi biladi. Joynamozda o’tirgan xotinga qimorbozlarning tegmasligini unga aytishgan. Lekin u erining bu qadar pastkashlikka bormasligiga ishongani uchun sira joynamoz ustida kutib o’tirmagan.
Eri bu kech uyida tunamay, peshinga yaqin qaytdi. Fazliya uning tund chehrasiga bir qarashdayoq yutqizib kelganini angladi. Odatiga ko’ra, ortiqcha gap-so’z qilmay, oshxonaga kirib ovqat isitdi. Eri ovqatga karamadi. Uzatilgan piyolani oldi-yu, hatto choyni ho’plamay dasturxon ustiga qo’ydi. Fazliya undan sado chiqishini toqat bilan kutib o’tiraverdi. Eri qarzga botgan bo’lsa, sandiqda ehtiyotlab qo’ygan tugunchani ochadi, yetmasa, sigir-buzoqni sotar… Uning xayoli erini qarzdorlik botqog’idan qutkarib olish bilan band. Erining uch-to’rt marta xursinib, so’ng pushaymon bo’lgan odamning xasta ovozi bilan «puldan bormi?»deb so’rashini, pulning daragini eshitgach esa «ikkinchi o’ynamayman», deb qasam ichishini kutdi.