ABU BAKR SIDDIQ

ABU BAKR SIDDIQ (to’liq nomi — Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibn Abu Qahhofa ibn Omir; 571 — 634) — Muhammad (sav) da’vati bilan Islomni birinchilardan bo’lib qabul qilgan, dastlabki to’rt xalifadan birinchisi (632-634). Muhammad (sav) ning eng yaqin safdoshi, qaynotasi (Oyshaning otasi). Yirik savdogar. Makkaning Quraysh qabilasidan. Islomga kirishdan oldin ismi Abdulka’ba edi. Abdullo ismini Muhammad (sav) qo’ygan. Siddiq deb atalishiga sabab shuki, Isro va me’roj hodisasini eng birinchi bo’lib tasdiqlagan. Muhammad payg’ambar (sav) unga Siddiq, ya’ni imoni kuchli deb laqab berdi. Makkadan Madinaga hijrat qilishda Muhammad (sav) ga hamroh, g’orda hamnishin bo’ldi. Badr, Uhud, Handaq, Xudaybiya va boshqa joylardagi janglarda ishtirok etdi. Abu Bakr Siddiq obro’li va badavlat kishi bo’lgani uchun ko’p odamlarga yordam qildi, chunonchi, Bilol Habashiyni qullikdan sotib olib, ozod etdi. Muhammad (sav) vafotidan keyin birinchi xalifa bo’lib saylandi (632). Arab qabilalarining Madina hokimiyatiga qarshi ko’targan qo’zgolonlarini bostirdi. Abu Bakr Siddiq xalifaligi davrida arablar Iroq va Suriyani fath qildi. Abu Bakr Siddiq Madinada vafot etdi va Muhammad (sav) yoniga dafn qilindi.