GAVAYI TILI

GAVAYI TILI — gavayiliklar tili. Gavayi orollarida tarqalgan Polineziya tillaridan biri. Yevropaliklar hamda shimoliy amerikaliklar kelgunga qadar Orol aholisi faqat shu tilda so’zlashgan. Gavayi tili boy og’zaki adabiy ijodga ega bo’lgan, ammo 19-asr 1-yarmidan unutila boshlagan. Gavayi tili 19-asr 1-yarmidan lotin alifbosiga moslangan va bu yozuvda birinchi gazeta chiqadi (1834). Gavayi orollarining AQSh tomonidan annektsiya qilingani tufayli (1898) Gavayi tilida faqat orolning polinez aholisining avlodlari — gavayilik etnik guruhlar va ularning ko’pchiligini tashkil etgan metislar (175 ming kishi; 1992) kundalik turmushda so’zlashadilar, xolos. Hozirgi gavayiliklarning aksariyat qismi ingliz tilida so’zlashadi.