XABBL (HABBLE) EDVIN PAUELL

XABBL (HABBLE) EDVIN PAUELL (1889.20.11, Marshfild, Missuri shtati — 1953.28.9, SanMarino, Kaliforniya shtati) — amerikalik astronom, AQSh Milliy Fanlar Akademiyasi a’zosi (1927 yildan). Yerk rasadxonasi (Chikago) (1914-17) va Maunt-Vilson rasadxonasida (1919) ishlagan. Asosiy ilmiy ishlari galaktikalarni, Koinotning uzluksiz kengayish xususiyatini o’rganishga oid. Koinotda kuzatiladigan tumanliklarni ikki guruhga, ya’ni bizning Galaktikamiz (gazchangdan tashkil topgan) ga kiruvchi va Galaktikamizdan tashqarida joylashgan galaktikalarga ajratdi (1922). 1924-26 yillarda bizga yaqin bo’lgan boshqa Galaktik tumanliklar tabiati bizning galaktikamizga o’xshash va yulduzlardan tashkil topganini ko’rsatib berdi. Bu bilan koinotda Galaktikamizga o’xshash yulduz sistemalari mavjudligini isbotlagan. Yaqin galaktikalarda bir nechta tsefeid, sharsimon va gaz tumanliklari, qizil va zangori utagigantlarni ochgan. Galaktikalararo masofa bilan ularning Nuriy tezliklari orasida kosmologik bog’lanishni aniqlagan (1929).