IQTISODIY QONUNLAR
IQTISODIY QONUNLAR — iqtisodiy munosabatlar tizimida ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash, iste’mol sohalarida o’zaro ichki bog’liqlikda va aloqadorlikda yuzaga kelib turadigan uzviy iqtisodiy zaruratni taqozo etuvchi sabab-oqibat, aloqa o’zaro bog’lanishlaridir. Iqtisodiy qonunlar ma’lum iqtisodiy jarayon va ayrim hodisalarning muqarrarligini aks ettirib, obyektiv xarakterga ega, ya’ni odamlarning ongi va irodasiga bog’liq bo’lmagan holda harakat qiladi. Kishilik jamiyati bilan birga vujudga kelgan bo’lib, uch guruhga bo’linadi: 1. Umumiqtisodiy qonunlar — jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida iqtisodiyotning aniq ijtimoiy shaklidan qat’i nazar amal qiluvchi qonunlar. Bularga mehnat taqsimoti, jamg’arish, mehnat unumdorligining o’sib borishi, ehtiyojlarning yuksalishi va boshqa qonunlar kiradi. 2. Formatsion maxsus qonunlar — iqtisodiy taraqqiyotning muayyan bosqichiga xos bo’lgan, shu tizimning o’ziga xos xususiyatlarini ifoda etuvchi qonunlar. 3. Davriy, oraliq qonunlar — iqtisodiy munosabatlarning, ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyotining muayyan darajasini vujudga keltirgan xususiyatlarni ifoda etadi. Bu xususiyatlar bir nechta ishlab chiqarish usuliga xos bo’lib, ularni birlashtirib, bog’lab turadi. Ular jumlasiga qiymat qonuni, iqtisodiy o’sish va boshqalar kiradi.