ISHLAB CHIQARISH USULI
ISHLAB CHIQARISH USULI — jamiyat taraqqiyotining turli tarixiy bosqichlarida ishlab chiqarish munosabatlari hamda bu munosabatlarga xos bo’lgan ishlab chiqaruvchi kuchlarning birligi va o’zaro ta’siri birgalikda ishlab chiqarish usulini tashkil etadi. Uning quyidagi turlari mavjud. 1. An’anaviy ishlab chiqarish usuli. Bu usul sust rivojlangan ko’pgina mamlakatlarda mavjud. Bu ishlab chiqarish usulida ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar ko‘p yillab o’zgarmaydi. U sekin o’zgaradigan urf-odatlar bilan belgilanadi. An anaviy ishlab chiqarish oddiy takror ishlab chiqarish holatida bo’ladi. 2. Ma’muriy buyruqbozlik tizimidagi ishlab chiqarish usuli. Bu usul ijtimoiy tizimda bo’lgan davlatlarga oid bo’lib, bu davlatlarning iqtisodiyoti aralash iqtisodni tashkil etadi. Mazkur ishlab chiqarish usuli xususiyati mulkning umumiy ekanligi va ishlab chiqarish natijasi bo’lgan moddiy ne’matlar markazdan taqsimlanishiga, xo’jalik bo’g’inlarida iqtisodiy mustaqillikning mavjud ekanligiga asoslanadi. 3. Aralash iqtisodiy tizimdagi ishlab chiqarish usuli. Davlatning iqtisodga aralashuvi inkor etilmaydi. Lekin ishlab chiqarish usuli rivojlanishi turli mulk shakllariga asoslangan holda uni bozor belgilaydi. Davlat bilan bozor ishlab chiqarish usuli rivojlanishini ta’minlaydi. 4. Bozor iqtisodiyoti tizimidagi ishlab chiqarish usuli turli mulkchilik shakllari va erkin raqobatga asoslangan holda tashkil topadi.