DIPLOMATIK POCHTA

DIPLOMATIK POCHTA — davlat (odatda, tashqi ishlar mahkamasi timsolida) bilan uning chet eldagi diplomatik, konsullik va boshqa vakilliklari, shuningdek, vakilliklar o’rtasidagi aloqaning eng muhim va keng tarqalgan vositalaridan biri. Maxsus tartib bo’yicha yo’lga qo’yiladigan Diplomatik pochta orqali xizmatda foydalanish uchun mo’ljallangan rasmiy xat-xabarlar, hujjatlar va buyumlar tegishli manzillarga diplomatik kurer tomonidan yetkazib beriladi. Bu narsalar paket, chamadon va kop (valiz)larga joylanadi: vakolatli organ tomonidan so’rg’ichlanib, muhrlanadi va kurer varaqasi tegishli shaklda to’ldiriladi. Diplomatik pochtada va kurer varaqasida xat-hujjat hamda yuklar olib borilayotgan manzil, «Expedition of Tiselle» deb yozilgan belgi, albatta, bo’lishi kerak. Har bir kop Diplomatik pochtada alohida o’rin egallab, ham maxsus vakolatlangan shaxslar kuzatuvida, ham kuzatuvchisiz oddiy aloqa kanallari orqali yetkazilishi mumkin. Diplomatik pochta daxlsiz bo’lib, uni ochish, yo’lda ushlash mumkin emas, unga boj ham olinmaydi. Diplomatik pochtaga oid eng muhim qoidalar Diplomatik aloqalar to’g’risidagi 1961-yilgi Vena konvensiyasida belgilab berilgan.