INDUSTRIAL O’SISH
INDUSTRIAL O’SISH, industrial ravnaq, industriyalash — mamlakat xalq xo’jaligining hamma sohalarida, ayniqsa sanoatda qudratli mashinalashgan ishlab chiqarishni barpo etish jarayoni; sanoat, og’ir sanoatning ilgarilab yuksalib borishi. Industrial o’sish mamlakat iqtisodiyotida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning ustun bo’lishi, agrar yoki agrar-industrial mamlakatning industrial-agrar yoki industrial rivojlangan mamlakatga aylanishini ta‘minlaydi. XX asrning oxirlariga kelib jahonning turli mamlakatlarida Industrial o’sish darajali o’rtasida keskin farq yuzaga keldi. Masalan, Yaponiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanadada Industrial o’sish o’z cho’qqisiga chiqdi va ular «postindustrial» mamlakatlarga aylandi. O’zbekistonda industrial rivojlanishning asosiy maqsadi dunyo standartlariga mos keladigan, raqobatbardosh ishlab chiqarishni yaratishdan iborat. Bunga erishish uchun industriyani restruktrizatsiyalash (qayta tarkiblash), ya‘ni tayanch (bazaviy) tarmoqlarning ustun rivojlanishini, import o’rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan og’ir sanoat tarmoqlarni rivojlantirishni davom ettirish va undan eksportga yo’l tutish kerak bo’ladi. Buning uchun katta ilm talab va yuqori texnologik sohalar (tarmoqlar)ni rivojlantirishga alohida ustuvor ahamiyat beriladi. Ayni vaqtda Industrial o’sish kichik biznes va yirik biznes integratsiyasini taqozo etadi. Bu esa nafaqat kichik biznesni, balki og’ir sanoatning salohiyatini yanada yuqori darajaga ko’tarishga olib keladi.