Industrial o’sish
Industrial o’sish, Industrial ravnaq, industriyalash — mamlakat xalq xo’jaligining hamma sohalarida, ayniqsa sanoatda qudratli mashinalashgan ishlab chiqarishni barpo etish jarayoni; sanoat, og’ir sanoatning ilgarilab yuksalib borishi. Industrial o’sish mamlakat iqtisodiyotida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning ustun bo’li-shi, agrar yoki agrar-industrial mamlakatning industrial-agrar yoki industrial rivojlangan mamlakatga aylanishini ta’minlaydi. Industrial o’sish mamlakat xalq xo’jaligi taraqqiyotini ifodalovchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Bu ob’yektiv qonuniyat bo’lib, sanoat siyosatining mahsulidir. Industrial o’sish iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot uchun moddiy zamin yaratib beradi. Industrial o’sishning o’ziga xos xususiyati, sur’ati, mablag’ manbalari, maqsadlari va ijtimoiy oqibatlari har bir mamlakatning tarixiy va iqtisodiy shart-sharoitlari, hukmron ishlab chiqarish (mulkchilik) munosabatlari bilan belgilanadi. Industrial o’sishni ifodalovchi asosiy belgi — bu xalq xo’jaligining etakchi tarmog’i bo’lgan og’ir sanoatning yuksalishidir. Og’ir sanoat ishlab chiqarish vositalari — metall, ko’mir, neft, gaz, elektr energiyasi; ishlab chiqarish qurollari, mashina va mexanizmlar, turli jihozlar, asbob-uskunalar va qurilish materiallari ishlab chiqaradi. Industrial o’sish dastlab 18-asrning oxiri va 19-asrning 1 -choragida dastlab Buyuk Britaniyada, so’ngra Yevropaning boshqa mamlakatlari va AQSh da yuz bergan sanoat to’ntarishi davomida amalga oshirildi. 18-asr 60-70-yillarida Angliyaning to’qimachilik sanoatida dastlab yigiruv, so’ngra to’quv mashinasi kashf etildi va ular gazlama chiqaradigan korxonalarda qo’llanildi. Sanoat rivojlanishi davomida mayda tovar ishlab chiqarish va qo’l mehnatiga asoslangan manufakturani siqib chiqargan fabrika — zavod tipidagi sanoat paydo bo’ldi, o’sha davr rivojida mashinalar davrini boshlab berdi. Tarixiy tajribalarning ko’rsatishicha, Industrial o’sish odatda, yengil sanoatdan boshlanadi, bu soha og’ir sanoat tarmoqlariga qaraganda kapital quyilmalarni kamroq talab etadi, kapitalning aylanuvchanligi tez boradi va foyda ko’p olinadi. Industrial o’sishning birinchi bosqichida yengil sanoatning ustun o’sishi AQShda 19-asrning 1-yarmida, Rossiya va Yaponiyada 20-asrning boshlariga qadar davom etgan. 19-asrning 2-yarmi ko’pgina mamlakatlarda yirik mashinalashgan ishlab chiqarishning ulkan o’sishi bilan tavsiflanadi. Ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarish iste’mol buyumlarini ishlab chiqarishga nisbatan yetakchi o’rinni egalladi. Bu esa kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning zaruriy sharti edi. Industrial o’sish tufayli 20-asrning 50-yillaridan boshlab hozirgi zamon fan-texnika Revyasi keng avj oldi. U ishlab chiqarishda eng yangi, mukammal mashinalar, texnologik jarayonlar, energiya manbalari va materiallardan foydalanishni taqozo etdi. Bu davrda yuz bergan Industrial o’sish ayrim taraqqiy etgan mamlakatlargagina va ayrim sohalargagina xos bo’lgan. Yadro energiyasini egallash, kosmosni o’zlashtirish, kimyo sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish eng rivojlangan mamlakatlarda amalga oshirildi. 20-asrning oxirgi choragida ilmiy-texnika taraqqiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarda ham amalga osha boshladi. Bu mamlakatning ayrimlarida qishloq xo’jaligi hisobiga sanaotni rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotning bosh strategiyasi qilib belgilangan. 20-asrning oxirlariga kelib jahonning turli mamlakatlarida Industrial o’sish darajali o’rtasida keskin farq yuzaga keldi. Masalan, Yaponiya, AQSh, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanadada Industrial o’sish o’z cho’qqisiga chiqdi va ular «postindustrial» mamlakatlarga aylandi. Bu paytga kelib ayrim mamlakatlar sanoati rivojlangan davlatlarga, ayrimlari esa qoloq mamlakatlarga aylanib qoldi. Hatto sanoat sohasida iqtisodiy tangliklar yuz berdi. Masalan, Rossiya 50 ta eng yirik industrial mamlakatlar orasida ishlab chiqarayotgan mahsulot qiymati bo’yicha 12-o’ringa, Ukraina esa 48-o’ringa tushib qoldi. O’zbekiston hududida Industrial o’sishning boshlanishi 20-asrning 20-30-yillariga to’g’ri keladi. Bu davrda respublikada neft, elektr energiyasi, qishloq xo’jaligi mashinalari, mineral o’g’itlar va qurilish materiallari ishlab chiqarishga asos solindi. Sanoatda industrial iqtisodiyotiga xos yangi proportsiyalar yuzaga keldi. 1940 yil umumiy sanoat mahsuloti hajmida og’ir sanoatining o’sishi 13,3% ga ko’tarildi (1913 yilda 2%). 2-jahon urushi yillarida O’zbekistonga Rossiyaning g’arbiy rayonlaridan 100 ga yaqin yirik sanoat korxonalari tuda yoki qisman ko’chirib keltirildi; bular orasida samolyotsozlik, elektr-texnika zavodlari, metallurgiya kombinati va qishloq xo’jaligi mashinasozlik korxonalari va boshqalar bor edi. 20-asrning 50-yillari boshida O’zbekistonda Industrial o’sish nafaqat og’ir sanoatning rivoji, balki qishloq xo’jalik, yengil va oziq-ovqat sanoatning taraqqiyoti bilan ham chambarchas bog’liq bo’lgan o’sishga aylandi. Bu davrda ham sanoatning ayrim sohalari yuzaga keldi, shakllandi va rivojlandi. 20-asrning 90-yillariga kelib, ayniqsa mustaqillikning dastlabki yillarida, barcha postsovet davlatlarida bo’lganidek, O’zbekistonda ham eski Respublikararo xo’jalik aloqalarining uzilishi, yangilarining hali shakllanib ulgurmaganligi va bozor iqtisodiyotiga o’tish munosabati bilan chuqur tuzilmaviy qayta qurishlarni amalga oshirish zaruriyati tufayli Industrial o’sishda bir qator qiyinchiliklarga ro’baro’kelindi. Chuqur o’ylangan islohotlar strategiyasi tufayli keyingi yillarda Industrial o’sishda ancha tez sur’atlarga erishildi. Masalan, 1999 yilda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 5,8% ga, 2000 yilda 6,4% ga, 2001 yilda esa 8,1% ga ko’paydi. Industrial o’sish tufayli mamlakat energetika, oziq-ovqat bo’yicha mustaqillikka erishdi. Bunday o’sish 21-asr boshiga kelib O’zbekistonning jahon iqtisodiyotida munosib o’rin egallashiga imkoniyat yaratdi. Respublika sanoatida 1645 ta o’rta va yirik ishlab chiqarish birlashmalari va korxonalari ishlaydi (2000). Industrial taraqqiyotning 21-asr boshlariga xos asosiy xususiyati shundan iboratki, rivojlanayotgan mamlakatlarda Industrial o’sish sanoati taraqqiy etgan davlatlar ko’magida davlat, yirik banklar, sanoat kompaniyalari ishtirokida investitsiyalar kiritish, texnologiyalar, nou-xauni berish, qo’shma korxonalar shaklida sanoat majmualarini qurish va boshqa shakllarda ham amalga oshirilmoqda. O’zbekistonda industrial rivojlanishning asosiy maqsadi dunyo standartlariga mos keladigan, raqobatbardosh ishlab chiqarishni yaratishdan iborat. Bunga erishish uchun industriyani restruktrizasiyalash (qayta tarkiblash), ya’ni tayanch (bazaviy) tarmoklarning ustun rivojlanishini, import o’rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan og’ir sanoat tarmoqlarni rivojlantirishni davom ettirish va undan eksportga yo’l tutish kerak bo’ladi. Buning uchun katta ilmtalab va yuqori texnologik sohalar (tarmoqlar) ni rivojlantirishga alohida ustuvor ahamiyat beriladi. Ayni vaqtda Industrial o’sish kichik biznes va yirik biznes Integratsiyasini taqozo etadi. Bu esa nafaqat kichik biznesni, balki og’ir sanoatning salohiyatini yanada yuqori darajaga ko’tarishga olib keladi. Ad. .Karimov I., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Karimov I., O’zbekiston XXI aerga intilmoqda, T., 2001; Ulmasbaev Sh. N ., Industrialnoe razvitie O’zbekistana, T., 1966; Hakimova M., Makroiqtisodiyot (o’quv qo’llanma), T., 1997; O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti, T., 1998; Ekonomika O’zbekistana i strani SNG, T., 2001. Abdurahim Ortiqov, Zarifa G’afurova.