KAMOLOT YOSHLAR IJTIMOIY HARAKATI

KAMOLOT YOSHLAR IJTIMOIY HARAKATI — O’zbekiston Respublikasi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati – O’zbekiston yoshlarining ixtiyoriylik asosida vujudga kelgan, o’zini-o’zi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkiloti. Harakat 2001-yil 25-aprelda bo’lib o’tgan Ta’sis qurultoyi qarori bilan tashkil toptan. Ta’sis qurultoyida Harakatning Dasturi va Nizomi qabul qilindi. Harakat faoliyatining asosiy maqsadi – O’zbekiston yoshlarini birlashtirish, sog’lom turmush talablari asosida tarbiyalash, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh yigit-qizlarning o’z aql-zakovati, kuch-g’ayratini to’la namoyon etishi, jamiyatda munosib o’rin egallashlari uchun shart-sharoit yaratib berishdan iborat. Harakatga uning dasturiy vazifa va maqsadlarini hamda Nizom talablarini tan oladigan, ularni amalga oshirish yo’lida faol harakat qiladigan, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, xalq farovonligi yo’lida mehnat qilish va kurashishni o’zi uchun hayotiy e’tiqod deb biladigan, o’qishda, mehnatda, harbiy xizmatda, jamoatchilik ishlarida boshqalarga o’rnak bo’ladigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qati nazar, qoida tariqasida, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan O’zbekiston fuqarolari a‘zo bo’lishi mumkin. Harakatning oliy organi – 5 yilda bir marta chaqiriladigan Qurultoy, rahbar organi olti oyda bir marta chaqiriladigan Markaziy Kengash, ijroiya organi ikki oyda bir marta chaqiriladigan Ijroiya Qo’mita hisoblanadi. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati muassisligida «Turkiston», «Molodyoj Uzbekistana» gazetalari, «Yosh kuch», «Sirli olam», «Sinfdosh», «G‗uncha», «Yoshlik», «Qalb ko’zi» jurnallari nashr etiladi.