PARLAMENT KOMISSIYALARI

PARLAMENT KOMISSIYALARI — parlament tashkil qiladigan (palatalarning har birida yoki ikkala palata birgalikda – birlashgan parlament komissiyalari) yordamchi organlar. Qonunchilik Parlament komissiyalari muhim rolni o’ynaydi, chunki parlament qabul qiladigan qonunlar loyihalari qaror va boshqa hujjatlar loyihalarining katta qismi ko’rib chiqish uchun shu komissiyalarga beriladi. Parlament komissiyalari vakolat muddati, ixtiyordagi mavzu va huquq hajmiga ko’ra doimiy (parlament vakolatining butun muddatiga tashkil etiladi), muvaqqat, ixtisoslashganlarga bo’linadi. Ko’pchilik davlatlar (AQSH, Fransiya, Italiya, GFR, Finlyandiya va boshqalar)da parlamentlar doimiy qonunchilik komissiyalarini tashkil qiladi, bunda qoidaga ko’ra, bu Parlament komissiyalari ixtisoslashadi (iqtisodiy, moliyaviy, qishloq xo’jaligi, harbiy va boshqalar). Muvaqqat komissiyalar (ko’pincha ixtisoslashmagan) birorta aniq masalani ko’rib chiqish uchun tashkil etiladi.