SAVDO PALATASI

SAVDO PALATASI — iqtisodiyot va savdoni, birinchi navbatda, mamlakatlar o’rtasida tashqi savdoni rivojlantirishga ko’maklashuvchi xalqaro jamoat yoki davlat tashkiloti. Savdo palatasi aksariyat hollarda firmalarning ishbilarmon doiralarini birlashtirishga, savdo aloqalarini o’rnatishga, savdo-sotiq ishtirokchilariga zarur axborotlarni taqdim etishga xizmat qiladi. Faoliyati miqyosiga qarab, xalqaro, aralash, milliy Savdo palatasilariga bo’linadi. Aralash Savdo palatasi ikki mamlakat ishbilarmonlarini birlashtiradi va mamlakatlararo savdo sharoitlarini yaxshilash, tadbirkorlar va korxonalar o’rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish va boshqalar xizmat ko’rsatadi. Milliy Savdo palatasi bir mamlakatda tashqi savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun tuzilgan tadbirkorlarning jamoat tashkiloti, ba‘zan savdosanoat palatasi ham deb yuritiladi. Chet ellarda mamlakat savdo-sanoat ko’rgazmalarini tashkil etish, mamlakatda xorijiy davlatlar savdo-sanoat ko’rgazmalarini o’tkazishga yordam berish, yangi iste‘mol tovarlarini sanoat o’zlashtirishiga va savdoga chiqarishga yordamlashish, mahsulotlar sifatini ekspertiza qilish va boshqa vazifalarni bajaradi. XX asrning 90-yillaridan ayrim mamlakatlarda milliy Savdo palatasi o’rniga sanoatchilar va tadbirkorlar palatasi (Rossiya), tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (O’zbekiston) kabi tashkilotlar tuzildi.