ANARXIZM

ANARXIZM (Yunoncha anarchia — hokimiyatsizlik, beboshlik) — rahbar sifatida faqat alohida shaxsning xohish-irodasinigina tan olib, har qanday hokimiyat va davlat tuzumini rad etuvchi jamiyat to’g’risidagi ta’limot. Antik dunyo zamonidayoq Anarxizmga xos fikr yuritish alomatlari bo’lgan, qadimgi xristianlikda diniy shaklda, keyinchalik o’rta asrlar mazhablarida ham uchraydi. Lekin ilmiy nazariya sifatida Anarxizm keyin paydo bo’lgan. Nemis faylasufi K. Shmidt (Shtirner), frantsuz olimi P. Prudon, rossiyalik M. Bakunin uning nazariyotchilari hisoblanadi. Anarxizm ba’zi o’rinlarda liberalizm bilan chatishib ketadi, har qanday davlat hokimiyatini yo’qotishni va ishlab chiqaruvchilar uyushmalarining federasiyasini tuzishni yoqlaydi.