Devon

Devon (arabcha)-davlat bosh idorasi: 1) sosoniylardan Xusrav I Anushervon davrida shohga hisobot beruvchi amaldorlar va ularning idorasi; 2) arablarda xalifa Umar davri (634-644) da davlat daromadlarining turli hukmron doiralar o’rtasidagi taqsimoti va qo’shinga maosh to’lash ro’yxatlari, shuningdek, ana shu ro’yxatlar saqlanadigan joy. Umaviylar va abbosiylar davrida esa xalifalik hamda o’rta asrlarga mansub qator boshqa islom mamlakatlarida Devon al-xiroj — soliq-moliyaviy idora. Devon atamasi bo’lak hukumat muassasalariga nisbatan ham qo’llanilgan; 3) Narshaxiy keltirgan ma’lumotlarga ko’ra, Somoniylar davlati, asosan o’nta Devon yordamida idora etilgan; bular — vazir Devoni (Devoni vazir), moliya ishlari Devoni (Devoni mustavfiy), davlat hujjatlari Devoni (Devoni rasoil yoki Devoni insho), soqchilar boshlig’i Devoni (Devoni sohibshurat), xat-xabarlar mutasaddisi Devoni (Devoni sohibbarid), saroy ish boshqaruvchisi Devoni (Devoni mushrif), davlat xos mulklari Devoni (Devoni amiyd ul-mulk), muhtasib Devoni, vaqflar Devoni (Devoni vaqf), adliya ishlari Devoni (Devoni qozi). Bulardan vazir Devoni bosh boshqaruv mahkamasi bo’lib, davlatning ma’muriy, siyosiy va xo’jalik tartiboti uning bevosita nazorati ostida tutib turilgan, barcha Devon boshliqlari vazirga itoat etgan. Saljuqiylar, xorazmshohlar va mo’g’ullar davrida ham somoniylar zamonidagi davlat tuzilishi, asosan, saqlanib qolgan. Temuriylar davrida esa vazir Devoni Devoni oliy, moliya ishlari Devoni Devoni mol, soqchilar boshlig’i Devoni Devoni tavochi, davlat xos mulklari Devoni Devoni amlok, adliya ishlari Devoni Devoni yorg’u deb atalgan. Qolgan Devonlar aslicha qolgan. Bu tartib shayboniylar davrida ham deyarli saqlangan. Ashtarxoniylar va mang’itlar hukmronlik qilgan yillarda esa davlat boshqaruvi tartiboti birmuncha murakkablashgan. Moliya ishlari devonbegiyi kalonga, mushrifning vazifalari ko’kaltoshga, muhtasibniki raisga topshirilgan. XVI-XVIII asrlarda ham ko’pgina Devonlar davlat boshqaruvi tizimida saqlanib qolgan. Chunonchi, Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarida davlat Devonlar yordamida idora etilgan. Rossiya Xiva xonligi ustidan protektorat (XIX asr 2-yarmi) o’rnatgach xonlik faoliyatini nazorat qilish maqsadida 7 kishidan iborat. Devon ta’sis etgan, uning a’zolaridan 3 kishi chor ma’muriyatining, 3 kishi (xon, devonbegi va mehtar) xonlikning vakili bo’lgan. Xon Devon rahbari hisoblangan; 4) Turkiyada ulug’ vazir, mufti va boshqa ba’zi amaldorlardan iborat sulton huzuridagi majlis; 5) Moldova va Valaxiya gospodarlari huzuridagi Davlat kengashi (mazkur knyazliklar 1859 yili o’zaro birlashgunga qadar).