Legat

Legat (lotincha legatus, legare-buyurmoq, tayinlamoq so’zidan)-1) Qadimgi Rimda boshqa hukmdorlar va xalqlarga yuborilgan elchi, vakil. Qadimda boshqa yerlik xalqlar bilan aloqa bog’lash fetsiallar vakolatiga kirgan. Keyinchalik senat tarkibiga plebeylar ham kirgach, oliy magistrat tavsiya etgan va senat tasdig’idan o’tgan maxsus diplomatlar tayinlanishi odat tusini oldi. Imperiya davrida provintsiyalar va legionlar Legati, albatta, senatorlar orasidan saylangan. Xizmat lavozimini egallab turgan magistratning legatlikka saylanishi taqiqlangan; 2) papa legati turli mamlakatlarda papaning shaxsiy vakili. Legat shaxsan papa tomonidan tayinlanadi va topshiriq bilan hukumat, monarx yoki dindorlar jamoasiga yoxud cherkovning muhim tadbirini tashkil etish maqsadida jo’natiladi. VI asrdan papalar tomonidan tayinlana boshlagan.