Jahongirshoh Nuriddin
Jahongirshoh Nuriddin (1569— 1627) — Hindistondagi Boburiylar davlatining to’rtinchi hukmdori (1605— 27), Akbarning o’g’li. Asl ismi Sulton Salim. Jahongirshoh davlatni idora etish yuzasidan «o’n ikki dastur» e’lon qilgan. Dasturga, asosan, dehqonlarga noshar’iy soliqlar solish, mahalliy hokimlarga savdogarlarning mollarini ochib ko’rish, gunohkorlarning quloq-burunlarini kesish, sharob ishlab chiqarish, ma’lum kundan bo’lak vaqtda jonivorlarni so’yish, tug’ilgan qizlarni o’ldirish (Rojastxonda), soliq hisobiga bolalarni tortib olish (Bengaliyada) va boshqalar man etilgan. Jahongirshoh davrida imperiya tarkibiga Mevar (1614), Aqmadnagar (1620), Bijapur va Golkonda (1621) hamda Panjob (bir qismi) qo’shib olindi. Jahongirshoh davlatni hind rojalari bilan kelishib idora qilishga intildi. Jahongirshoh davrida tasviriy san’at, miniatyura va adabiyot rivoj topdi, bir necha maqbara, jumladan Akbar maqbarasi qurildi. Jahongirshohning o’zi ham she’rlar yozgan. Uning «Jahongirnoma» asari mashhur. Saltanatining so’nggi yillarida davlat ishlarini xotini Nurjahon begim boshqargan.