Jihod, g’azovot

Jihod, g’azovot (Arabcha — g’ayrat qilish, kuchni ishga solish) — Islomda din yo’lida kurash. Dastlab Jihod deyilganda Islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushunilgan. Bu kurashga nisbatan Qur’onda Muhammad (sav)ning Makka va Madinada kechgan hayot faoliyatining muayyan shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda turlicha ko’rsatmalar bor: 1) ko’pxudoliklar bilan mojaroga bormaslik va ularni oqillik va odob bilan haqiqiy dinga og’dirish; 2) Islom dushmanlariga qarshi mudofaa urushi olib borish; 3) g’ayridinlarga hujum qilish, lekin muqaddas oylarda harbiy harakatlar olib bormaslik. Jihodning kelib chiqish tarixi 624 yil boshlarida yuz bergan voqea — musulmon askarining Quraysh qabilasining kichik karvoniga Rajab oyida (4 muqaddas oyning birida) hujum qilgani bilan bog’liq. Mushrik — qurayshiylar shu omilga urg’u berib, Muhammad (sav) va musulmonlarni butun Arabiston bo’ylab yomon otliqqa chiqarishga, ularga qarshi katta ittifoq tuzishga harakat qildilar. Ayni shu kezlarda Qur’onning bir necha oyatlari (Haj, 39; Baqara, 190; Niso, 75) nozil bo’ldiki, Islomda birinchi bor Jihodga, ya’ni muayyan hollarda dushmanga qarshi kurash olib borishga izn (ruxsat) berildi. Yosh musulmon davlati (Madina) o’z chegaralari daxlsizligini mudofaa qilish uchun kuch ishlatishga majbur edi. Shu tarzda ilk Islomda Jihod Alloh yo’liga, islom dinini yoyish maqsadiga butun kuch va imkoniyatlarni sarf qilish ma’nosini anglatib kelgan va faqat ba’zi hollarda harbiy kuch ishlatishni ham taqozo etgan. Shu ma’noda Jihodni «muqaddas urush» deb talqin qilish odat tusiga kirib qolgan. 9-10-asrlardan Jihod yangi mazmun bilan to’ldirildi: Alloh yo’lida o’zni takomillashtirish tushunchasi (ya’ni ma’naviy Jihod)ga 4 Jihod — qilich Jihodi, qalb Jihodi, qo’l Jihodi va til Jihodi haqidagi tasavvurlar qo’shildi. Milliy ozodlik harakatlari davrida Jihod g’oyasidan mustamlakachilikka qarshi kurashda foydalanildi. Umuman, hozirgi zamon musulmon nazariyotchilari Jihodni Islomni tinch yo’l bilan yoyish, uni tashqi tazyiqdan himoya qilish uchun musulmonlarning kuch va g’ayratlarini safarbar etish vositasi deb ta’riflaydi. Mo’tadil Islom (axl as-sunna val jamoa) tarafdorlarining e’tiqodiga ko’ra, kuch ishlatish — «kichik Jihod», har bir mo’min musulmonning o’z nafsi bilan kurashi va ma’naviy barkamollik yo’lidagi sa’y-harakati esa «buyuk Jihod” hisoblanadi. Oyat va hadislarga ko’ra, Jihod hech qachon biror musulmonga yoki Musulmonlar yashaydigan yurtga qarshi e’lon qilinmaydi. Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyoda Jihod ko’proq «g’azovot» nomi bilan ma’lum bo’lgan. Ahadjon Hasanov.