Jarohat

Jarohat — gavda to’qimalarining mexanik shikastlangan joyi (teri, shilliq parda, ko’pincha muskul, nerv, yirik tomir, suyak, bo’g’im, ichki a’zo va gavda bo’shliqlarining butunligiga putur yetishi). To’qimaning og’rishi, qonashi va ochilib qolishi Jarohatning asosiy belgilaridir. Paydo bo’lish sharoitiga qarab xirurgik (operatsion) Jarohat, jangda yaralanish va tasodifiy Jarohat ajratiladi; jarohatlovchi qurol qanday shikast yetkazganligiga qarab, kesilgan, sanchilgan, chopilgan, yirtilgan (yulingan), lat yegan, ezilgan, tishlangan va o’q (snaryad parchasi) tekkan Jarohat farq qilinadi. Zaharlovchi moddalar Jarohatga tushganda, zaharli jonivorlar (qoraqurt, ilon) chaqqanda zaharlangan Jarohat paydo bo’ladi. Quturgan hayvonlarning tishlashi (qopishi) dan vujudga kelgan Jarohat ayniqsa xavfli. Jarohatlar tanadan ayrim bo’shliqlarga (miya, ko’krak, qorin, bo’g’in) nisbatan ularning devoridan o’tgan va o’tmagan turlarga ham bo’linadi. Masalan, ko’krak bo’shlig’idagi Jarohat o’tuvchi xarakterda bo’lsa, u holda ko’krak bo’shlig’idagi a’zolar (yurak, o’pka, ko’krak bo’shlig’i a’zolari, traxeya, qizilo’ngach, aorta va h. k.) shikastlanishi yoki shi- kastlanmasligi mumkin. A’zolar shi- kastlanganda bemor zudlik b-n xirurgik bo’limlarning murakkab shikastlarga IX- tisoslashgan markazlarida (neyroxirur- giya, kardioxirurgiya va hokazolar) davolanishi kerak. U erda nozik a’zolar (miya, ko’z, yurak va b.) mikroskop orqali nihoyatda takomillashgan asboblar bilan operasiya qilinadi. Tasodifiy Jarohatga mikroblar (asosan, yiring tug’diruvchi mikroblar) tushgan bo’ladi. Tasodifiy yoki jangovar Jarohat jarohatlanish paytida yoki keyin (bog’lab qo’yilmasa) ifloslanishi mumkin. Mikroblar (streptokokk, stafilokok va boshqalar) Jarohatga jarohatlovchi quroldan, tevarak atrofdagi teri, kiyim, tuproq va boshqalardan o’tib, tomirdan chiqqan qonda, majaqlangan to’qimalarda rivojlanadi va uni yallig’lantiradi, sepsis, qoqshol, gazli gangrena kabi infektsion kasalliklarga sabab bo’ladi. Jarohatlangan kishiga o’z vaqtida yordam berib, mikroblar rivojlanishining oldini olsa bo’ladi. Jarohatning bitishi murakkab jarayon bo’lib, organizmning umumiy va mahalliy reaktsiyasiga bog’liq. Organizmning holdan toyishi, avitaminozlar, diabet, kamqonlik, moddalar almashinuvining buzilishi Jarohatning bitishini qiyinlashtiradi. Jarohatlangan a’zoning qon bilan qanchalik ta’minlanishi, to’qimalarning shikastlanish xarakteri ham muhim. A’zoning qon bilan yaxshiroq ta’minlanishi Jarohatning bitishini tezlatadi. Masalan, bosh va yuzdagi Jarohat boldirning oldingi yuzasidagi Jarohatga nisbatan tezroq, majaqlangan, yulingan Jarohat silliq kesilgan Jarohatga qaraganda sekin bitadi. Jarohat yiringlamagan, chetlari bir-biriga tegib turgan (Masalan, choklangan) bo’lsa, 5-7 kunda bitadi. Bu birlamchi tortishib (taranglanib) bitish deyiladi. Infektsiya tushgan (yiringlagan) Jarohat, shuningdek, chetlari bir-biridan «qochgan» Jarohat ikkilamchi tortishib (taranglanib ) bitadi. Buning o’ziga xosligi shuki, birik- tiruvchi to’qima (granulyasion to’qima) rivojlanib, jarohat yuzini to’ldiradi. Shu tariqa pastroqdagi (ichkaridagi) to’qiqmalarni tashqi ta’sirlardan saqlaydi va Jarohatning bitishiga yordam beradi. Jarohat granulyatsiyalar bilan to’lishidan tashqari, teri chetlaridan yangi hosil bo’lgan epiteliy qoplami o’sadi. Birlamchi tortishib bitgan Jarohat bilinar-bilinmas chandiq (yamoq), ikkilamchi tortishib bitgan Jarohat esa katta chandiq hosil qiladi. Birinchi yordam: ketayotgan qon to’xtatiladi, Jarohat atrofidagi teriga spirtli yod (yod nastoykasi) surtgach, aseptika qoidalariga rioya qilgan holda va antiseptika vositalaridan foydalanib, Jarohatni ifloslanishdan saqlash, jarohatlangan a’zoni qimirlamaydigan qilib qo’yish, shundan keyin bemorni davolash muassasasiga yetkazib borish kerak. Hayvon tishlagan (Masalan, it qopgan) kishini yaqin oradagi sanitariya-epidemiologiya stantsiyasiga yoki Paster punktiga darhol yuborib, quturishga qarshi emlanadi; tishlagan it yoki boshqa hayvon veterinariya punktlariga olib boriladi. Badan tirnalganda, chaqalanganda, Zirapcha kirganda, pichoq kesganda teri ifloslanmagan bo’lsa, Jarohat va atrofidagi teriga spirtli yod eritmasi surtib, quruq aseptik material (Masalan, bint) bilan bog’lab qo’yiladi. Boylamni namiqish va ifloslanishdan saqlab, 6-7 kungacha yechmay turish kerak. Uzoq, turgan go’shtni bo’lish yoki baliqni tozalash vaqtida salgina bo’lsa-da jarohatlangan, badaniga igna va boshqa narsalar kirgan, shuningdek, Jarohatiga tuproq tushgan kishini ham vrachga ko’rsatish kerak. Jarohatni infektsiyadan saqlash va qon to’xtatish uchun birinchi yordam bog’lov paketi va individual bog’lov paketi ishlatiladi. Birinchi yordam bog’lov paketi tayyor aseptik va antiseptik bog’lov bo’lib, o’rovi bor. Sirtqi o’rovi rezina yugirtirilgan, suv o’tkazmaydigan matodan, ichkaridagisi qog’oz (pergament)dan iborat bo’lib, ichida sterillangan boylam — doka bint bilan 1-2 ta paxta-doka yostiqcha bor. Yostiqchalardan biri bint oxiriga chatib qo’yilgan, ikkinchisini bint bo’ylab surish mumkin. Paketdan foydalanishda sirtqi o’rovi chetidan yirtiladi. Ichkaridagi (pergament) qog’ozi ichiga yopishtirilgan ipdan tortib ochiladi. Bintni picha ochib, bitta yoki ikkala yostiqcha Jarohatga yopiladi, bunda yostiqchaning Jarohatga qaragan tomoniga qo’l tegizilmaydi. Bog’lovni Jarohatga yopishdan oldin uning chetlariga yod suriladi. Jarohat o’q teshib o’tishdan vujudga kelgan bo’lsa, ikkinchi yostiqcha bint bo’ylab Jarohatning chiqish teshigigacha surib boriladi va unga yopiladi. Yostiqchalar ustidan bint o’rab, uning uchi bog’lov paketidagi qo’shaloq to’g’nog’ich bilan mahkamlab qo’yiladi. Individual bog’lov paketi — Jangovar sharoitda Jarohatlarga va kuygan yuzalarga yopiladigan steril bog’lov. Birinchi yordam bog’lov paketiga o’xshaydi: paxta viskoza binti va ikkita paxta-doka yostiqchasi bor. Yostiqchalar sirti rangli ip bilan qavilgan. Bog’lov pergament qog’ozga o’ralgan. Foydalanish tartibi: paket shokilasidagi kertik bo’ylab sirtqi o’rovi yirtiladi, pergament qog’ozga o’ralgan bog’lov, burmasidan esa xavfsiz to’g’nog’ich olinadi; qog’oz pardani olib tashlanadi; bintning yostiqcha chatib qo’yilgan erkin uchini chap qo’l, yumaloqlangan uchini esa o’ng qo’l bilan ushlanadi. Kuygan yuza katta bo’lsa, yostiqchalar bir-biriga yaqinlashtirilib, umumiy kompress hosil qilinadi, kuygan yuza kichkina bo’lsa, yostiqchalar ustma- ust qo’yiladi. So’ngra bintni gir aylantirib o’rab, uchiga to’g’nog’ich qadaladi. Ad.: Oripov O’. O., Karimov Sh. I., Umumiy xirurgiya, T., 1994. Rahmatilla Rahmonov.