Juzjoniy (Jurjoniy) Abu Umar Minxojiddin Usmon ibn Sirojiddin

Juzjoniy (Jurjoniy) Abu Umar Minxojiddin Usmon ibn Sirojiddin (1193-1262) — o’rta asr tarixchisi. Asli eronlik bo’lib, Hindistonda yashagan. Dehli sultoni Nosiriddin Mahmudga bag’ishlab «Tabaqoti Nosiriy» («Nosir turkumlari») nomli tarixiy asar yozgan. Bu uning eng yirik asari bo’lib, u kichik muqaddima va umaviylar, abbosiylar, Tohiriylar, safforiylar, Somoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, sanjariylar, Xorazmshohlar tarixiga oid 23 tabaqa (turkum, bo’lim)dan iborat. Juzjoniy ushbu asarining bir qismini tarixiy asarlarga, surishtirib bilgan voqealarga asoslanib yozgan. Asar mo’g’ullarning Xorazmga yurishi, Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining G’aznaga kelishi, Hindistonning bu davrdagi siyosiy va diplomatik munosabatlari haqida ham ma’lumot beradi. Uning 1963-64 yillarda 2 jildda bosilgan Kobul nusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1658).