Jish jo’ja ochuvchi qushlar
Jish jo’ja ochuvchi qushlar -tuxumdan kuchsiz, oyoq muskullari yaxshi rivojlanmagan, ko’zi yumuq, tana harorati barqaror bo’lmagan jo’ja ochuvchi qushlar. Jish jo’ja ochuvchi qushlarda nasli to’g’risida g’amxo’rlik yaxshi rivojlangan. Nari va modasi ancha mukammal in quradi, jo’jalarini boqadi, o’z tanasi bilan isitadi, quyosh taftidan himoya qiladi. Jo’jalarini uyasida 10-14 kundan (mayda chumchuqsimonlar) 3 oygacha (yirik yirtqich qushlar) boqadi. Jish jo’ja ochuvchi qushlar ko’pincha daraxtlar va butalarda, binolarning bo’g’otlarida in quradi (chumchuqsimonlar, qizilishtonsimonlar, kaptarsimonlar, kakkusimonlar, to’tiqushlar). Jish jo’ja ochuvchi qushlar jo’jasining tanasi siyrak pat bilan qoplangan, tumshug’i sarg’ish. Ammo laylaksimonlar, nayburunlilar, lochinlar va boyqushlar jo’jasining tanasi qalin pat bilan qoplangan, ko’zi ochiq (boyqushlar jo’jasiniki yopiq) bo’ladi. Jish jo’ja ochuvchi qushlar kam tuxum qo’yadi.