Jirmunskiy Viktor Maksimovich

Jirmunskiy Viktor Maksimovich [1891.21.7 (2.8), Peterburg — 1971.3.1, Leningrad] — rus tilshunosi, adabiyotshunos va folklorshunosi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1944), akademik (1966). Peterburg universitetini tamomlagan (1912), Leningrad universiteti professor (1919-41; 1945-49), O’rta Osiyo davlat universiteti professor, shu universitet huzuridagi tarix-filologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori, Toshkent davlat pedagogika institutida kafedra mudiri (1942-44), sobiq Ittifoq Fanlar Akademiyasi Tilshunoslik instituti Leningrad bo’limida hind-Yevropa sho’basi mudiri (1957-71). Ilk asari nemis romantizmiga bag’ishlangan (1913), Sharq xalqlari eposi masalalariga oid «O’zbek xalq qahramonlik eposi» (H. T. Zarifov bilan hamkorlikda, 1947), «Alpomish haqidagi rivoyat va bahodirlik ertaklari» (1960) kabi monografiyalar muallifi. Nemis tili tarixi va dialektologiyasi, turkey tillar shevalarini qiyosiy o’rganish masalalariga oid ilmiy ishlari bor. As: Narodniy geroicheskiy epos, M. —L., 1962.