Jez davri

Jez davri (miloddan avvalgi 2— 1-ming yillik) — ibtidoiy jamoa davrida jezdan mehnat qurollari ishlangan tarixiy bosqich. Ibtidoiy odamlar bir necha yuz va ming yillar davomida mehnat qurollarini faqat toshdan yasab keldilar. Miloddan avvalgi 4-ming yillikning boshlariga kelib, ayrim joylarda (O’zbekiston yerlarida miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri — 2-ming yillikda) turli zeb-ziynat bezaklarini, ba’zi mehnat qurollarini misdan yasay boshlaydilar. Bu davrda misdan yasalgan mehnat qurollari mo’rt va yumshoq bo’lganligidan mustahkamroq qotishma olish uchun izlanish davom etgan va ma’lum davrdan so’ng qalayni misga qorishtirib jez (bronza) kashf etildi. Natijada mehnat qurollarining turi ko’paydi, jezdan keskirroq tig’li qurol-yarog’lar, ro’zg’or va kosmetika buyumlari, ma’budalar, naqshdor muhrlar yasala boshladi. Ovchilik va terimchilik ijtimoiy va iqtisodiy hayotda o’zining dastlabki ahamiyatini yo’qotdi. Ot, eshak, tuya va ho’kizdan transport vositasi sifatida foydalanildi. Hayvonlarga qo’shiladigan aravalar vujudga keldi. Bu davrda xo’jalikning, asosan, yaylov chorvachiligi va dehqonchilikka asoslangan ishlab chiqarish shakli qaror topdi. Amudaryo va Zarafshonning quyi qismi, Farg’ona vodiysining shimoliy-Sharqiy qismi va Janubiy Surxon vohasi tabiiy geografik jihatdan qadimgi dehqonchilikning kelib chiqishi va rivojlanishi uchun qulay bo’lgan. Atrofdagi cho’l va dashtlarda, asosan, chorvador qabilalar yashagan. Bu davrda O’zbekiston Janubiy va Afg’oniston shimolda rivojlangan Baqtriya (Amudaryo bo’yi) dehqonchilik madaniyati vujudga keldi. O’zbekistonda uchta asosiy dehqonchilik vohasi — Sherobod, Sho’rchi va Bandixon shakllangan. Bu joylarda qadimgi ilk shahar madaniyati shakllana boshlagan. Jez davriga mansub Sopollitepa, Mirshodi, Mo’lali, Jarqo’ton kabi urug’jamoasining turar joylari — qishloq qo’rg’onlari, ilk shaharlari va qabrlar topilgan. Ularning ba’zilari qal’ali, mustahkamlangan va ayrimlari mustahkamlanmagan. Dehqonlar vohalarda bug’doy, arpa, suli, paxta etishtirganlar. Uylardan don omborxonalari, yorg’uchoqlar, ketmoncha, hovoncha dastalari topilgan. Kulolchilikda charxdan foydalanganlar. Sopollitepadan topilgan ashyolar aholining o’sha davrdagi hunarmandchiligi, turmushi, san’ati haqida boy material berdi. Bu yerda murakkab va o’ziga xos 3 qatorli mudofaa devori bo’lgan, maydoni qariyb 1 gektar kvadrat shakldagi qo’rg’on qazib ochildi. Qo’rg’ondagi mahallalar ko’chalar bilan bo’lingan. Uylarda mo’rili o’choq, ayrim xonalarda sandal o’rni, ganch suvoq qoldiqlari topildi. Topilmalar hunarmandchilik, xususan, metallurgiya (mehnat va mudofaa qurollari, idishlar, bezak, ko’zgu), kulolchilik, to’qimachilik (ip va ipakdan to’qilgan mato qoldiqlari), yog’ochsozlik (qurilish konstruktsiyalari, uy jihozlari) va boshqa yuksak rivojlanganligini ko’rsatdi. Qal’ada 20 dan ziyod kulolchilik xumdoni ochib o’rganildi. Kulolchilikda yuqori sifatli nafis idishlar (qadah, ko’za, xum, choynak, piyola, kosa, lagan va hokazolar) tayyorlangan. Xorazmda miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Jez davrining Tozabog’yop madaniyati mavjud bo’lgan. Bu madaniyat Burgut qal’a vohasidagi Tozabog’yop kanali yaqinidan topilgan. Dehqonchilik va irrigasiya tarmoqlari ancha rivojlanganligi bilan farq qiladi (ongqa-2, Qavat-3 makonlari, Ko’kcha-3 va boshqa mozorqo’rg’onlar). Aholi, asosan, cho’l, zonalarida tomi qamish bilan yopilgan kulba va yarim yerto’lali chaylalarda yashagan, xonaki chorvachilik, zaxkash va nam yerlarda obikor dehqonchilik bilan shug’ullangan. Bu davrda metall quyish texnikasi yuksak bo’lgan. Yassi tubli chizma boshoqsimon naqshlangan idishlar topilgan. Jez metallurgiyasi keng rivojlangan. Xorazmda so’nggi jez — ilk temir davriga suvyorgan (miloddan avvalgi 2-ming yillik) va Amirobod (miloddan avvalgi 1-ming yillik boshi) madaniyatlari mansub. Suvyorgan madaniyati qabilalari yog’och ustunli to’g’ri burchakli chaylalarda yashagan. O’choq atrofidan sirti qizilga bo’yalgan sopol idishlar topilgan. Topilmalar ichida mikrolitlar ko’p uchraydi. Bu madaniyat 3 bosqichni (Qamishli, bozor, qal’a, Qovunchi) o’tgan. Urug’jamoalari ovchilik, podachilik va dehqonchilik bilan shug’ullangan. Ijtimoiy hayotda dastlab ona urug’i an’analari kuchli bo’lgan, lekin keyingi ikki bosqichda erkaklarning jamoadagi mavqei ortgan. Ayollar erlarga iqtisodiy jihatdan karam bo’la bordi. Katta oila jamoalarida ota huquqi qaror topib mustahkamlandi. Endi qarindoshlik otaga qarab belgilandi, urug’lar ichidagi munosabatlar otaning iqtisodiy va huquqiy hukmronligi asosida qurilib, bolalar ota mulkiga merosxo’r bo’la boshladi. Amirobod madaniyati odamlari yarim yerto’la uylarda yashagan, uylarning markazida katta o’choq bo’lgan. Sopol idishlari tagi yassi, dag’al ishlanib, boshoqsimon naqsh berilgan. Aholi urug’ jamoalariga birlashib dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan. Sug’orish tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Yakkaporson-2 dan jez igna, o’roq, suyak dastali bigiz, o’q-yoy paykonlari topilgan. Farg’ona vodiysida so’nggi Jez davriga mansub Chust madaniyati aholisining asosiy mashg’uloti dehqonchilik, chorvachilikdan iborat bo’lgan. Xom g’ishtdan uylar yasalgan, mudofaa inshootlari qad ko’targan. Quyi Zarafshonning Zamonbobo madaniyati so’nggi Jez davrining Andropove madaniyatita juda yaqindir. Andronovo madaniyatining yuqori bosqichiga mansub yodgorliklar Xorazmda, Toshkentdagi Ko’kcha mozorida, Buxoro viloyati Qorako’l tumanida, Urgut tumanining Mo’minobod qishlog’ida, Chirchiq daryosi bo’yida — Achchiqko’l va Sergeli tepalarida topilgan. Toshkent vohasida so’nggi jez — ilk temir davri Burganli madaniyatida aksini topgan. Bu vaqtda ibtidoiy jamoa davri shiddat bilan yemirilib, qabilalar o’rtasida dastlabki sinfiy munosabatlar vujudga keldi. Juda keng tadqiqotlar natijasida shu narsa aniqlandiki, miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri va 1-ming yillikning birinchi choragida O’rta Osiyo hududida dastlabki qadimgi davlat tuzilmalarining paydo bo’lishi kuzatiladi. Qarnab cho’ldan shu madaniyatga oid qadimgi ma’dan konini topilishi (1999) qadimgi Xorazmdagi davlatchilikning iqtisodiy negizlari kuchli bo’lganidan dalolat beradi. Ahmadali Asqarov, Abdulahad Muhammadjonov.