Janubi-g’arbiy Osiyo
Janubi-g’arbiy Osiyo — G’arbiy Osiyoning Janubiy qismidagi tabiiy oblast. Arabiston yarim oroli va unga yondosh xududlar kiradi. Maydoni 3 mln. km2 dan ziyod. Janubi-g’arbiy Osiyo zaminining ko’p qismi qadimgi Gondvana materigining bir bo’lagi. Tekisliklar, supasimon qirlar, Kuestali plato shakllari keng tarqalgan. Yaman, Hijoz, Asir, Livan, Antilivan tog’larida hozir ham zilzila bo’lib turadi. Mesopotamiya pasttekisligi (bukilmasi) allyuvial cho’kindilar bilan to’lgan. Janubi-g’arbiy Osiyoda foydali qazilma (ayniqsa neft) ko’p. Iqlimi issiq va quruq. O’rtacha temperaturasi shimolda yanvarda 5°, iyulda zg, Janubda yanvarda 24°, iyulda 34°. Yillik yog’in 100-150 mm, Livan, antilivan, Ummon va Yaman tog’larida o’rtacha 500-760 mm. Iqlimi quruqligidan aksar qismining landshafti cho’l va chala cho’l. Mesopotamiyadan Furot va Dajla daryolari oqib o’tadi. Yer osti suvlari aholi uchun asosiy suv manbaidir. Quduq ko’p. Tuproqlari qo’ng’ir, jigarrang, qizil cho’l tuproqlardir. O’rta dengiz bo’yidagi tog’larda Livan kedri, Halab qarag’ayi, yashil butazorlar, cho’llarda siyrak yostiqsimon bo’talar, sho’ra o’sadi, Yaman va Ummon tog’larida savannalar bor. Hayvonot dunyosi shimolda Palearktika oblasti va Janubi-g’arbda Efiopiya oblastiga mansub. Janubi-g’arbiy Osiyoda Saudiya Arabistoni, Quvayt, Bahrayn, Katar. BAA, Ummon, Yaman, Iroq va Iordaniyaning Janub qismi joylashgan.