«Ugradagi turish»
«Ugradagi turish» — katta O’rda xoni Ahmad bilan ulug’ Knyaz Ivan III Vasilevich o’rtasidagi harbiy harakatlar (1480). 1476 yil Ivan III Botuxonto’ridan boshlab O’rdaga har yili to’lanadigan o’lponni to’lashdan voz kechgan. Ahmadxon Qrim bilan bo’lgan urushda band bo’lganligi sababli faqat 1480 yildagina faol harakatlar boshlay olgan. U Polsha-Litva qiroli Kazimirdan harbiy yordam olishi haqida kelishib olgan. Rus davlatining g’arbiy chegaralari 1480 yil boshida Livon ordeni hujumlariga duchor bo’lgan. 1480 yil yanvarda Ivan III ga qarshi ukalari Boris va Andrey kattalar isyon kutarishgan. Bunday vaziyatdan foydalangan Ahmadxon kuzda asosiy kuchlari bilan yurish boshlagan. Rus boyarlari o’rtasidagi 2 guruh vujudga kelgan, ulardan biri Ivanga qochishni, ikkinchisi esa, O’rda bilan kurashishni maslahat qilgan. 1480 yil Ahmadxon Kazimir qo’shinlari bilan birlashish uchun oka daryosining irmog’i — ugra daryosi bo’yiga kelgan. Uni Ivan III ning o’g’li Ivan Kenja va ulug’ knyazning ukasi Andrey kichik boshchiligidagi rus qo’shinlari qarshi olgan. 4 kunlik jangdan so’ng Ahmadxonning Ugrani kechib o’tish uchun qilgan harakati zoye ketgan. Ahmadxon Kazimirni kutishga qaror qilgan. Ivan III vaqtdan yutish maqsadida Ahmadxon bilan muzokaralar boshlagan. Bu orada Ivan III ning isyonkor ukalari u bilan yarashib, o’z polklarini olib kelganlar. Ahmad bundan xabar topgan va Kazimirdan darak bo’lmagach, hujumga o’tishga ikkilanib qolgan. Kazimir ichki nizolarni bartaraf qilish va Qrim bilan kurashda band edi. 11 noyabrgacha kutgan mo’g’ul qo’shinlari oziq-ovqat tanqisligi, kasallik epidemiyasini tarqalganligi va kuchli sovuqlar natijasida Janubga qarab ketgan. 1481 yil 6 yanvarda Ahmadxon tuman (Tyumen) xoni Iboq bilan to’qnashuvda o’ldirilgan. Katta O’rdada ichki nizolar avj olgan. «Ugradagi turish» Rossiyada mo’g’ullar asoratiga chek qo’ygan. Rus davlati rasman mustaqillikka erishgan.