Lola sayli
Lola sayli — adir va dalalarda Lola ochilgan chog’da o’tkaziladigan sayil. Ba’zi joylarda Lola sayli sayli guli surx deb ham nomlanadi. Lola sayli o’zbek xalqining qadimgi udumlaridan biri bo’lgan. Lola sayli Navro’z bayramidan keyin (Aprelning oxiri — mayning boshlari) Lola va lolaqizg’aldoq ochilgan vaqtlarda o’tkaziladi. Sayil bir necha kun davom etgan. Zarafshon va Farg’ona vohasida o’ziga xos bayram sifatida nishonlangan. Odatda, Lola saylini xalq tomonidan saylangan «Lolachilar» boshqarganlar. «Lolachilar» o’z do’stlari bilan Lola saylining qachon va qayerda o’tkazilishini aniqlab, xalqqa xabar bergan. Sayil o’tkazilishidan oldin «Lolachi» maxsus daraxt yoki daraxtning chiroyli shoxidan kesib olib, lolalar bilan bezagan. Keyin uni qishloq ko’chalaridan olib utgan. Buni ko’rgan odamlar ko’chaga chiqib, ko’ngliga tugib qo’ygan niyatlarini aytib, daraxtlar shoxiga turli mato parchalari, ro’molchalar boglashgan. So’ng «Lolachilar»ga ergashib, o’yin-kulgi qilib, lolazor tomon yo’l olishgan. Belgilangan joyga kelishganidan so’ng «Gul daraxti» markazga o’rnatilgan va oqsoqollar duosi bilan bayram boshlangan. Bayramning 2-kuni muqaddas mozor va qabristonlar ziyorat qilingan. Bunda erkaklar va ayollar alohida-alohida ziyoratgohlarga borganlar. Lola sayli hozir oldingi ramziy ma’nosini ma’lum darajada yo’qotib, o’yin-kulgi, sayil ko’rinishida saqlanib qolgan. Ad:. Abdurraxman-i tali’, Istoriya Abulfeyzxana, T., 1959; Sokolov Yu.A., Tashkent, tashkentsi i Rossiya, T., 1965. Adhamjon Ashirov.