Lola

Lola — luchchak shaftoli navi. Samarqand mevachilik selektsiya stansiyasida mahalliy sariq Nektarin navini Arp-Byuti va sariq Oylor navlari gul changlari aralashmasi bilan changlab chiqarilgan (A. S. Cherevatenko). Daraxti o’rtacha o’sadi, balandligi 4-4,5 metr, sovuqqa chidamli. Daraxti o’tqazilganidan keyin 2-3-yili hosilga kiradi. 5-6-yili 1 tupi 75-90 kilogramm meva beradi. Shox-shabbasi keng piramida shaklida. Barglari nashtarsimon, to’q yashil. Guli yirik. Mevasi silliq, tuksiz, o’rtacha 60-70 gramm, dumaloq, usti to’q qizil, iyul oxirida pishadi. Eti sariq, sersuv, sal nordon, danagidan yaxshi ajraladi. Tarkibida 12-14% qand, 0,75% kislota bor. Mevasi, asosan, yangiligida yeyiladi, konserva va qoqi qilinadi. Ekilgan danagidan chiqqan ko’chatlarning 60% dan ko’prog’ida nav xususiyatlari saqlanib qoladi (payvandlashga ehtiyoj qolmaydi). O’zbekistonning barcha viloyatlarida, Tojikistonda rayonlashtirilgan, Moldaviya va Bolgariyada ham o’stiriladi.