Har bir xalqning ijtimoiy-madaniy hayotida azaliy an’ana, urf-odat, marosim, bayramlar alohida o’rin tutadi. Ular kishilar turmush tarzining o’ziga xos hodisasi sifatida namoyon bo’ladi
“An’ana”, “odat”, “marosim” bevosita “bayram” tushunchasi bilan bog’liq
An’ana-tarixiy taraqqiyot jarayonida tabiiy va ijtimoiy ehtiyojlar asosida vujudga keladigan, avloddan-avlodga meros bo’lib o’tadigan, kishilar ma’naviy hayotiga ta’sir ko’rsatadigan madaniy hodisadir. An’ana o’ziga xos ijtimoiy hodisa sifatida, kishilar ongiga singgan (umum va ma’lum guruh tomonidan), qabul qilingan tartib va qoidalar majmuasi hisoblanadi.
O’tkazgan tadqiqotimiz natijasida “xalq an’analari” tushunchasining ijtimoiy-ma’naviy mohiyatini quyidagicha izohlash mumkin: xalq an’analari — uzoq taraqqiyot jarayonida etnoslarning ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlari asosida vujudga kelib, ularning aqliy-ijodiy faoliyati asosida, atrof-muhit, tabiat, mehnat jarayoniga bog’liq holda avloddan-avlodga o’tib, taraqqiy etgan va asrlarayo ajdodlar fikri, orzu-o’ylari, tajribalari, yutuqlari va boshqa qadriyatlarini mujassamlashtirgan bebaho ijtimoiy-madaniy merosga aylangan.
Odat (urf-odat) — kishilarning turmushiga singib ketgan, ma’lum muddatda takrorlanib turuvchi xatti-harakat, ko’pchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari, ko’nikmasidir. Masalan, kichiklarning kattalarga salom berishi, uy-hovlini tartibga keltirib qo’yish, mehmonlarga alohida hurmat ko’rsatish, bayram arafasida keksa qariyalar, kasal, ojiz, qiynalgan kishilar holidan xabar olish, qo’ni-qo’shnilarning biror ishiga yordam berish, hasharga borish kabilar o’zbek xalqiga xos yaxshi odatlar hisoblanadi.
“Odat” degan tushuncha psixologiyada ham mavjud bo’lib, u ma’lum sharoit ta’sirida vujudga kelib, kishining fe’l-atvorida mustahkamlanib qolgan va keyinchalik o’z-o’zidan beixtiyor bajariladigan harakat ma’nosini bildiradi.
An’ana ijtimoiy hayot, mehnat, madaniyatning barcha sohalariga xos hodisa sifatida juda keng doirani qamrab oladi. Odat esa muayyan bir kishining turmush tarsi, xatti-harakati, xulq-atvori, muloqoti va oilaviy munosabatlarida namoyon bo’ladi.
Marosim-inson hayotidagi muhim voqealarni nishonlashga qaratilgan, rasmiy va ruhiy ko’tarinkilik vaziyatida o’tadigan, umum qabul qilingan tartib-qoidalarga amal qilinadigan tadbir sanaladi. Masalan, ism qo’yish, nikohdan o’tish, dafn qilish, xotirlash, ekishga kirishish (urug’ qadash), o’rimga kirishish marosimlari va hokazolar
Odat kundalik hayotida doimo kuzatilsa, marosim esa inson hayotidagi muhim hodisalar sodir bo’lganida vujudga keladi. Marosim kishilar hayotidagi eng muhim voqealarni (masalan, tug’ilish, uylanish, o’lim kabilarni) qayd etadi, rasmiylashtiradi. Marosimlarni o’tkazishda avloddan-avlodga o’tadigan, ramziy va rasmiy an’analar, qoidalarga amal qilinadi. Marosimga, bo’layotgan voqeaga “guvoh” sifatida odamlar chaqiriladi. Odamlar kimningdir g’ami yoki quvonchiga sherik bo’lishadi, kelajak uchun yaxshi niyatlar qilishadi. Har bir marosimning o’ziga xos umum qabul qilingan tuzilishi (boshlanishi, o’rtasi, oxiri) bo’ladi Inson hayotida bo’lib o’tayotgan muhim voqeani nishonlash jarayonida an’ana ham, odat ham, marosim ham mujassamlashadi.
Buni quyidagi misolda ko’rish mumkin: yoshlar voyaga yetganida — yigitlar uylanadi, qizlar turmushga chiqadi. Bu avloddan-avlodga o’tib keladigan an’ana sanaladi. Yigit-qizning oila qurishi uchun nikoh to’yi o’tkazish esa insoniyat hayotiga singgan, muayyan qoidaga, ma’lum tartibga esa bo’lgan urf-odat hisoblanadi. Nikoh to’ylarining asosiy shartlaridan biri kuyov va kelinning nikohdan o’tishidir. Har bir davrda bu to’y bilan bog’liq o’ziga xos odatlar vujudga keladi. Masalan, hozirgi paytda maxsus bezatilgan mashinalarda ko’chalarda yurish, guvohlar bilan “Baxt uyi”ga borish, nikohdan o’tayotganda davlat gimnining yangrashi, “Baxt uyi” xodimlarining savollariga javob berish, kerakli hujjatlarga imzo chekish, nikoh uzuklarini almashish kabi odatlarga amal qilinadi. Bu rasmiy va tantanali ravishda o’tadigan marosimdir. Nikoh to’yidagi odatlarning ado etilishi kelin-kuyov, ularning qarindosh-urug’i, yoru-do’stlari uchun haqiqiy shodiyona sanaladi.
“An’ana”, “odat”, “marosim” bir-biri bilan bevosita bog’liq hodisa hisoblanadi. Shu bois an’analarning tarkibiy qismi odat, odatning tarkibiy qismi esa marosim ham bo’lishi mumkin. Masalan, bilim yurtini bitirgan yosh mutaxassislarning ishlab chiqarishga borib ish boshlashi odat tusiga kirib qolgan. Bu muhim voqea munosabati bilan an’anaviy tadbirlar tashkil qilish mumkin. Bu odatning tarkibiy qismi — yoshlarni tantanali ravishda mehnat jamoasiga qabul qilish o’z-o’zidan marosimga aylanadi.
Ba’zi holatlarda “an’ana”, “odat” va “marosim” tushunchalari alohida ishlatilsa, ular mavhum ma’noni anglatishi ham mumkin. Bunday paytda ularga aniqlovchi so’zlar qo’shilib, masalan, “an’anaviy bayram”, “an’anaviy festival”, “an’anaviy kecha” yoki “mukofotlash marosimi”, “to’y marosimi”, “nafaqaga kuzatish marosimi” tarzida qo’llanadi. “Marosim” so’zi jamoatchilik ishtirokida o’tkaziladigan katta tadbir ma’nosini bildiradi.
Ba’zi marosimlar (dafn qilish va qayg’uli hodisalardan tashqari) bayramlarning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo’lishi mumkin. Ba’zi marosimlar bayram kunidan boshqa paytlarda tashkil qilinsa ham, u bayram tushini oladi. Masalan, “chigit qadash”, “diplom topshirish” marosimlari o’z-o’zidan bayramga aylanadi. Tantanali ravishda attestat topshirish marosimi ham har bir o’spirin uchun katta bayram sanaladi. Bular marosim bayramlarining tarkibiy (yoki asosiy) qismi ekanligini bildiradi.
“An’ana”, “marosim”, “bayram” atamalari o’zgarmas tushunchalari emas. Zamona taraqqiyoti va turmushdagi o’zgarishlar ta’sirida tushunchalar mazmuni ham kengayib boradi.
Ijtimoiy hayotdagi o’zgarishlar ta’sirida talabga javob bermay qolgan an’ana va bayramlar asta-sekin unutila boshlaydi. Mohiyatan xalqchil, ijtimoiy salmoqqa ega bo’lgan an’analar taraqqiy etadi. Masalan, Navro’z, Qovun saytli, Lola sayli va hokazo bayramlar zamonaviy talablarga javob bergani uchun asrlar davomida yashab kelmoqda. Xalq turmushining o’zgarishi unga mos an’analarni vujudga keltiradi. O’zbek xalqi hayotida ham yaqin yillar ichida avvallari mavjud bo’lmagan yillar ichida avvallari mavjud bo’lmagan ko’plab ijtimoiy va shaxsiy-oilaviy an’ana, marosim va bayramlar paydo bo’ldi.
Keyingi paytlarda ilmiy adabiyotlarda, davriy nashrlarda “an’anaviy bayramlar”, “yangi an’analar” so’zlari ishlatila boshladi.
“An’anaviy bayramlar” deganda ma’lum vaqtda muntazam o’tkazib turiladigan azaliy madaniy-ommaviy tadbirlar — Gul bayrami, Lola sayli, Qovun sayli, Xirmon to’yi (hozirgi Paxta bayrami) nazarda tutiladi. Chunki ular qadim zamonlardan buyon mavjud bo’lgan xalq bayramlaridir.
“Yangi an’analar” hayotimizga endi kirib kelayotgan va joylarda endigina boshlangan tadbirlardir.
XX asrning ikkinchi yarmida, zamon o’zgarishi bilan keyingi davrda hayotimizga tug’ilgan chaqaloqning ota-onalariga guvohnoma yoki voyaga yetga yoshlarga passport topshirish, o’quv yurti bitiruvchilarni tantanali ravishda mehnat jamoasiga qabul qilish, Birinchi maosh tantanasi, Avlodlar uchrashuvi, Oltin va Kumush to’ylar, tantanali nafaqaga kuzatish tadbirlari kabilar kirib kelgan edi. Hozirgi paytga kelib, ular “yangi” emas, balki “an’anaviy tadbir” bo’lib qoldi.