ARKTIKA

ARKTIKA (Yunoncha arkticos — Shimoliy) — yer sharining shimoliy qutbiy oblasti. Arktika Shimoliy muz okeani, undagi orollarni (Norvegiya qirg’oqlariga yaqin orollardan tashqari), Atlantika va Tinch okeanlarining shim. qismlarini hamda Yevrosiyo va shimoliy Amerikaning shimoliy chekka qismlarini o’z ichiga oladi. Odatda Arktikaning Janubiy chegarasi shimoliy qutb doirasiga deyarli to’g’ri keladi. Umumiy maydoni taxminan 21,3 million kilometr kvadrat, shundan 14,2 million kilometr kvdrat suv yuzasiga to’g’ri keladi. Arktikaning quruqlik qismi Rossiya, Kanada, AQShning Alyaska shtati, Daniya (Grenlandiya) va Norvegiya (Shpisbergen) hududlarining bir qismini o’z ichiga oladi. Tabiiy xususiyatlariga ko’ra, Arktika orollarining ko’proq (shimoliy) qismi Arktika muz zonasiga, materik qismi va Janubiy orollar tundra zonasiga kiritiladi. Rossiya Arktikasining shim. qismini o’zlashtirishda shu yerdan o’tadigan shimoliy dengiz yo’li katta rol o’ynagan. Geologik tuzilishi. Arktika hududida asosan qadimgi kristall qalqonlar va platformalar, quyi paleozoy, yuqori paleozoy va mezozoy burmali strukturalari uchraydi. Uchlamchi davrning o’rtalarigacha Arktikaning ko’p qismi quruqlik va iqlimi iliq hamda sernam bo’lgan. So’ngra yer cho’kib, Shimoliy Muz okeanining asosiy botiqlari paydo bo’lgan. Ayni vaqtda suv osti tizmalari va ostonalar hamda Arktika quruqlik qismining ayrim joylari, ayniqsa, Osiyoning shimoli-sharqi, Taymir, Ural, Grenlandiya va Elsmir orol ko’tarilgan. Bunday harakatlar to’rtlamchi davrda ham davom etgan va ba’zi bir rayonlarda (Shpisbergen, Osiyoning shimoliy-sharqi va boshqa joylarda) vulkanlar otilib turgan. To’rtlamchi davrda iqlim sovib ketgan. Natijada muzliklar paydo bo’lgan. Bu muzliklar Arktikadan uzoq, masofagacha bostirib borgan. Arktikaning ko’pgina qismlarida, ayniqsa Grenlandiya dengizida va Laptevlar dengizida 6-8 ballgacha yer qimirlash va dengiz zilzilasi bo’lib turadi. Foydali qazilmalari. Arktikada toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir konlari, toshtuz, rangli va nodir metall rudalari, optika xom ashyosi va boshqa foydali qazilmalar bor. Relyefi. Yevrosiyo materik qismining yer yuzasi asosan Rossiya tekisligining, G’arbiy Sibir pasttekisligining shim. chekka qismlari va boshqalardan iborat. Shu bilan birga, bu yerga ba’zi tog’lar ham kirib kelgan, bulardan Osiyoning shimoliy- sharqidagi tog’lar, Taymir yarim orolidagi Birranga va Ural tog’larining shimoliy qismi Arktikaning yirik tog’laridir. Shimoliy Amerikaning materik qismida pastroq (asosan 200 — 400 metr) yassitog’liklar katta maydonni egallaydi. Arktikadagi barcha orollar kelib chiqishi bo’yicha materik orollardir va Grenlandiyadan boshqalari materik sayozligida urnashgan. Orollarning yer yuzasi ko’pincha tog’lardan iborat. Eng baland tog’lar Grenlandiyaning sharqida (Gunbyorn tog’i 3700 metr — Arktikaning eng baland cho’qqisi), Baffin yerida va Elsmir orolida. Materik sayozligining kengligi Yevrosiyo qirg’og’i yaqinida 1200 — 1300 kilometr. Materik sayozligidan okeanning Markaziy qismiga tomon qator tizmalar va balandliklar joylashgan. Ulardan eng yirigi Kanadasibir soyligini hamda Grenlandiya-Yevropa soyligini ajratib turadigan Lomonosov tizmasidir. Iqlimi. Arktika iqlimining asosiy xususiyati yil davomida temperaturaning past bo’lishidir. Yozda ham quyosh pastda bo’lganidan yerni kam isitadi. Qishda esa havo haddan tashqari soviydi (qutb kechasi uzoqdavom etadi). Yilda 1 sm2 ga 50 — 80 kkal issiqlik tushadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Atlantika bo’yi sektorining Janubda — 3° bo’lsa, Markaziy qismida — 40° ga yetadi, iyulniki 10° dan (Janubiy chegarada) 0° gacha (Markaziy qismida). Shimoliy qutb yaqinida eng past temperatura — 55°, — 60° va eng yuqori temperatura 6°. Arktikaning Markaziy qismida shamol u qadar kuchli bo’lmaydi, Janubiy chekkasida tez-tez kuchli (15 m/sek va undan ortiq) shamollar bulib turadi. Temperatura past va bug’lanish kam bo’lganidan havoda mutlaq namlik ko’p emas. Markaziy qismida yiliga 75 — 100 millimetr, Janub chekkasida 300 — 400 millimetr yog’in yog’adi. Arktikada qishda qor bo’ronlari bo’lib, tuman tushadi. Hammayoqni bulut qoplab yotadi. Yozda yog’in tez-tez yog’ib turadi. Temperatura past bo’lganligidan muzloq yerlar ko’p. Ba’zi bir rayonlarda (Alyaska, Sharqiy Sibir) qazilma muzlar bor. Ichki suvlari. Arktikaning materik qismida Daryo ko’p. Bu daryolar yiliga 8 — 10 oy muzlaydi. Tundra zonasida, ayniqsa, shimoliy Amerika va Yevropada kichik ko’l ko’p, okean suvining temperaturasi past. Okeanning katta qismida ustki qatlamda (100 — 250 metr chuqurlikkacha) temperatura yil davomida — gradus atrofida bo’lib turadi. Bug’lanishning kamligi va qo’yiladigan daryolarning ko’pligidan dengiz suvi u qadar shur emas (30%o). Shimoliy Muz okeaniga Atlantika okeanidan yiliga 145 ming kilometr kub iliq suv kelib uni ilitadi, okean orqali esa havo ham iliydi. Dengiz muzlari. Arktika suv yuzasining ko’proq qismi yil davomida suzib yuruvchi muzlar (qishda 11 million kilometr kvadrat va yozda 8 million kilometr kvadrat) bilan qoplangan. Bir yillik muzlarning qalinligi 0,8 — 1,3 metr, ko’p yillik muzlarning qalinligi 3 — 4 metr, Torrs muzlarniki 10 — 15 metrga yetadi. Aysberglar va muz orollari uchraydi. Muzlar asosan Grenlandiya dengiziga tomon suzib boradi, ularni Arktikadan Sharqiy Grenlandiya oqimi olib ketadi. Ba’zi bir rayonlarda doimiy aylanma oqimlar ham bor. Ulardan eng yirigi Kanada Sibir soyligidadir. Muzliklari. Arktika orollari yer yuzasining ancha qismi qalin muzliklar bilan qoplangan. Ularning umumiy maydoni 2 million kilometr kvadratdan ortadi. Shundan 1800 ming kilometr kvadrat Grenlandiyada, 56 ming kilometr kvadrat Arktikaning Rossiya qismida. O’simliklari va hayvonot dunyosi. O’simliklarning turlari kam. Grenlandiyada 450 ga yaqin, Novaya Zemlyada 208, Frans-Iosif yerida 36 gulli o’simlik turi bor. Shimoliy qismida o’simlik ayniqsa siyrak. Bu yerlarda zamburug’lar ko’proq o’sadi. Jan. tundra zonasida yo’sin, zamburug’, o’t va butalardan iborat ikki yarusli yoki uch yarusli o’simlik turkumlari o’sadi. Pakana qayin, tol, bagulnik o’sadigan butazor tundralari bor. Dengiz suvlarida o’simlik va zooplankton juda ko’p. Arktikada ba’zi bir yirik sut emizuvchilar: quruqlikda oq ayiq, dengizda morj va tyulenlar yashaydi. Kanadaning shimolda va Grenlandiyada quchqorbuqa uchraydi. Arktikada parrandalar deyarli bulmaydi, yozda hamma yoqni kush bosib ketadi («qushlar bozori»): Gaga, o’rdak, kayra, chistik va boshqlar. Shimoliy Muz okeanining Atlantika okeaniga yaqin qismida baliqlar nihoyatda ko’p tuplanadi. Baliq ko’p ovlanadi. Daryolarning etaklarida Omul, Goles, sterlyad, nelma uchraydi. Arktikada sudralib yuruvchilar va amfibiyalar mutlaqo yo’q. Tadqiq qilinish tarixi. Yu-Arktikada Grenlandiyani normannlar kashf etgan. 12-asrdan ruslar Kolguyev, Vaygach, Novaya Zemlya orollarini kashf etdilar. 1596 — 97 yillarda golland sayyohi V. Barents Novaya Zemlyada qishlagan. 17-asrda rus sanoatchilari va kazaklari (M. I. Rebrov. M. V. Staduxin, S. I. Dejnyov va boshqalar) Chelyuskin bo’rnini aylanib utib, Osiyo bilan shimoliy Amerika oraligidagi bo’g’ozni kashf etganlar. Arktika asosan 18 — 19-asrlarda xaritaga tushirildi. Ana shu vaqtda eng yirik ilmiy tadqiqotlar rus olimlari — F. P. Litke (1821-24), P. F. Anju (1820-24) va F. P. Vrangel (1820— 24) tomonidan olib borilgan. Angliya tadqiqotchisi J. Franklin (1819-22, 1825-27 va 1845) Kanada Arktika arxipelagi va Amerika sektorining materik qismida, norveg tadqiqotchisi O. Sverdrup (1898-1902) Kanada Arktika arxipelagida ish olib bordi; shved olimi A. E. Nordensheld (1878-79) — «Veg» kemasida va norveg tadqiqotchisi F. Nansen (1893-96) «Fram» kemasida suzdi. 20-asrda eng yirik ekspeditsiyalardan norveg sayyohi R. Amundsenning «Yoa» (1905-06) va «Mod» kemalarida suzishi (1922-24), Amerika sayyohi R. Pirining Shim. qutbga yetib borishi (1909 yil 6 aprel) hamda Rossiya paroxodi «Georgiy Sedov»ning suzishi (1937-39) Arktikani o’rganishda katta ahamiyatga ega bo’ldi. Rossiya sektorida ko’pdan-ko’p doimiy qutb stansiyalarida quruqlikda material to’plashdan tashqari, 1937 yildan boshlab Arktika suzib yuruvchi ilmiy stansiyalar yordamida muntazam ravishda tadqiq qilingan. 1948 yilda suv osti tizmasi kashf qilindi va bu tizmaga Lomonosov nomi qo’yiddi. 1958 yilda ko’pgina mamlakatlar xalqaro geofizika yili dasturi asosida Arktikada tadqiqot ishlari olib bordilar.