ASHRAFIY MUXTOR ASHRAFOVICH
ASHRAFIY MUXTOR ASHRAFOVICH (1912.11.6, Buxoro-1975.15.12, Toshkent) — kompozitor, dirijyor. O’zbek operasi asoschilaridan. O’zbekiston xalq artisti (1939). Samarqand musiqa va xoreografiya ilmiy tadqiqot institutida o’qigan (1928-30). Kompozitsiyadan S. N. Vasilenko, B. S. Shexter, M. O. Shteynberglardan ta’lim olgan. Peterburg konservatoriyasini dirijyorlik bo’yicha tugatgan (1948). 1930 yildan O’zbek musiqali teatri, keyinchalik Navoiy nomidagi O’zbek opera va balet teatrining badiiy rahbari va bosh dirijyori, direktori (1967-71), 1944 yildan Toshkent konservatoriyasining o’qituvchisi, professor (1953 yildan), rektori (1947-62; 1971-75). Samarqand opera va balet teatrining direktori, badiiy rahbari va bosh dirijyori (1964-66). Birinchi asari — «Sodrash» marshi T. Sodiqov va Sh. Ramazonov bilan hamkorlikda yuzaga kelgan (1929). Ustozi S. N. Vasilenko bilan hamkorlikda ilk o’zbek operalari «Bo’ron» (K. Yashin librettosi, 1939) va «Buyuk kanal» (K. Yashin va M. Rahmonov librettosi, 1940) ni yaratgan. «Qahramonlik» (1942), «G’oliblarga shon-sharaflar» (1944) simfoniyalari, «Dilorom» (K. Yashin va M. Muhamedov librettosi, 1958), «Shoir qalbi» (I. Sulton librettosi, 1960— 61) operalari, «Sevgi tumori» (1969), «Matonat» (1971), «Muhabbat va qilich» (1973) baletlari, «Rustam haqida doston» (1975, «Shohnoma» asosida) oratoriyasi o’zbek musiqa madaniyatiga qo’shilgan katta hissa bo’ldi. «Vaqt taronasi» kantatasi (1952), «Bahor eli» (1937), «Nasriddin Buxoroda» (B. Arapov bilan hamkorlikda, 1942), «Opa-singil Rahmonovalar» (1954), «Natashaxonim» (1965), «Koniyut g’orining siri» (1967), «Semurg'» (1972), «Gang uzra tong» (1975) kabi kinofilmlarga musiqa yozgan, simfonik poema va syuitalar yaratgan. «Dilorom» operasi asosida birinchi o’zbek film-operasi yaratildi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1970) hamda J. Neru (1971), J. A. Nosir (1972) xalqaro mukofotlari laureati. Toshkent konservatoriyasi, ko’chalardan biri Ashrafiy nomiga qo’yilgan. Toshkentda Ashrafiy uy-muzeyi tashkil qilingan. As: O’zbek qushiqlari, T., 1939; Vtoraya simfoniya, M., 1942, Pervaya simfoniya («geroicheskaya»), M., 1945; Kantata «O’zbekiston», T., 1948; Tadjikskaya tantsevalnaya syuita, M., 1957; arii iz operi «Dilorom», T., 1972; «Amulet lyubvi», klavir, T., 1973; muzika v mosi jizni, T., 1975. Ad..Djabbaro v A., Solomonova T., Kompozitori i muzikovedi Uzbekistana, T., 1975; Pekker Ya. B., Uzbekskaya opera, M., 1984.