BEDA
BEDA (Medicago) — dukkakdoshlarga mansub bir va ko’p yillik o’tsimon o’simlik, asosiy yem-xashak ekini. 100 ga yaqin turi bor. O’rta Osiyoda ko’k Beda Sh. sativa L.) turi eng ko’p tarqalgan. O’rta Osiyoda 5 — 7 mingyil avval ekib kelingan. Vatani Eron, taxminan 2 — 2,5 ming yil ilgari Yunoniston, qadimgi Rim va shimoliy Afrikaga olib kelingan. Keyinchalik Beda madaniy ekin sifatida Yevropa, Shimol va Janubiy Amerika, Avstraliyaga tarqalgan. O’rta Osiyoda va Zakavkazyeda Beda asosiy almashlab ekish ekini hisoblanadi. Botanikta’rifi.Poyasiser-shox,bo’yi 70 — 150 santimetr, tup hosil qiladi. Barglari uch bargli, murakkab, barg bandi asosida unchalik yirik bo’lmagan yon bargchalari bor, rangi och yashildan to’q yashilgacha. Barg plastinkasi ellipssimon, nashtarsimon yoki deyarli dumaloq. To’pguli 12-16 tagacha guldan iborat shingil (siyrak tsilindrik yoki kallaksimon). Ko’k Bedaning guli zangori, sariq Bedaning guli sariq, duragay Beda piki ko’k-sariq tusda. Mevasi urug’li, o’roqsimon yoki spiralsimon 2 -3 buralgan dukkak. Urug’i sariq yoki sariq-qo’ng’ir oval-buyraksimon, mayda; dukkagida 5 — 7 urug’ bor; 1000 dona urug’i vazni 1,8 — 2,7 gramm. Ildiz tizimi o’q ildiz, kuchli rivojlanadi, tarmoqlangan, yerga chuqur (7 — 10 metr va undan ham ko’proq) kirib boradi. 4 — 5 tartibli ingichka ildizlaridagi o’simtalarida havodan erkin azotni o’zlashtiradigan shuganak bakteriyalar rivojlanadi. Bedaning ko’p yillik turlarida ildizning ustki qismi (ildiz bo’g’zi) dagi kurtaklardan har yili yangi poyalar o’sib chiqadi. Bedaning yaxshi rivojlangan ildiz tizimi ikki—uch yilda tuproqning 1 gektar haydalma qatlamida 30 — 40 tonna go’ngga teng keladigan 80 — 120 tsentner ildiz massa hosil qiladi. Biologik xususiyatlari. Beda uzun kunli, yorug’sevar o’simlik, ammo ildiz tizimi tuproqqa chuqur kirib borishi tufayli qurg’oqchilikka yaxshi bardosh beradi. Sariq va duragay Bedalar ko’k Bedaga qaraganda sovuqqa ancha chidamli. Beda namsevar o’simlik. Issiq iqlimli rayonlarda sug’orish bilan yuqori hosil olish mumkin. Beda suv va havoni yaxshi o’tkazadigan qumoq va qumloq g’ovak tuproqlarda yaxshi o’sadi. Nordon va kuchli sho’rlangan tuproqlarda yaxshi o’smaydi, lekin kuchsiz sho’rlanishga bardoshli va tuproq sho’rini kamaytirishga yordam beradi. Beda uzoq yashaydigan o’simlik, 15 — 20 yilgacha o’sadi, lekin almashlab ekishda 3 yilgacha, yem-xashak uchun esa 5 yilgacha o’stiriladi. Beda yakka o’zi yoki arpa, bug’doy kabi ekinlar bilan birga bahorda yalpi qatorlab ekiladi. Gektariga 12 — 22 kilogramm urug’ sarflanadi. Urug’i 15 — 20 kunda unib chiqadi. Beda urug’i unib chiqish qobiliyatini 5 — 7, ba’zan 10 yilgacha saqlaydi. Bahorda alohida ekin sifatida eqilganda ko’pay sharoitda tez o’sadi, birinchi yili sershox, serbarg poyalar hosil qilib gullaydi va urug’ beradi. Sug’oriladigan rayonlarda Beda birinchi yili 40 -50% gullaganda 2-3 marta, 2 va 3 yillarda esa 40 — 45 kun oralatib 5— 6 marta va undan ham ko’proq o’riladi. Har o’rim oralig’ida 1 — 2 marta sug’oriladi. O’rimdan keyin tez ko’klashi bilan boshqa ko’p yillik o’tlardan ustun turadi. Xo’jalik ahamiyati. Beda vitamin, oqsilga boy yem-xashak ekinidir. Uning 100 kilogramm ko’k massasi tarkibida 21,7 ozuqa birligi va 4,1 kilogramm hazm bo’ladigan protein; 100 kilogramm pichanda 45,3 ozuqa birligi va 10,3 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Beda pichani tarkibida 0,35 — 0,40% fosfor, 0,25 — 0,3% kaltsiy va boshqa mikroelementlar bo’ladi. Beda ozuqasining hazm bo’lishi 70 — 80% ga yetadi. Sug’oriladigan dehqonchilik sharoitida almashlab ekishda beda eng universal va eng yaxshi samara beradigan ekin. Beda 2 — 3 yil ichida tuproqda gektariga 300— 400 kilogramm va undan ko’proq azot to’playdi, tuproqni organik moddalar bilan boyitadi, biologik drenaj vazifasini o’taydi, tuproq strukturasini tiklaydi, suv, havo tartibotini yaxshilaydi va ekin hosilini oshirishga imkoniyat yaratadi. Beda bir mavsumdagi o’suv davrida yer ostki va yer ustki massasini hosil qilish uchun o’zidan gektariga 12-15 ming metr kubgacha suv bug’latadi. Bedaning bu xususiyati yer ostki suvlari yuza joylashgan maydonlarda dehqonchilik samaradorligini ko’tarishga yordam beradi va tuproq sho’rlanishini ancha kamaytiradi. Beda tuproqni vilt qo’zg’atuvchidan tozalovchi ekin hamdir. Beda muttasil uch yil ekilgan dalalarda uning ildiz tizimi rizosferasida saprofit mikroorganizmlar (zamburug’lar, bakteriyalar, sodda hayvonlar) uchun xavfli zamburug’larni nobud qiladigan antogonistlar to’planadi. O’zbekistondagi xo’jaliklarda har gektardan 150 -200 tsentner Beda pichani yetishtiriladi. Urug’likka mo’ljallangan bedazordan 5 -7 tsentner/gektar urug’ olinadi. Navlari. Bedaning Toshkent 3192, Toshkent 721, Toshkent 1, Vaxsh 233, Yettisuv, Xiva, O’zgan va boshqa navlari ko’p tarqalgan. Beda zararkunandalari: beda to’plami, beda barg filchasi, beda biti va boshqalar. Kasalliklari: zang kasali, unshudring, barg dog’lanishi va boshqalar Ad.: Yo’ldoshev X. S., O’zbekistonda beda o’stirish, T., 1969; Tursunxo’jayev Z., Sorokin M., G’o’za beda almashlab ekish va ularning samaradorligini oshirish yo’llari, T., 1978. Zikruma Tursunxo’jayev.