BELAYA VEJA PUSHCHASI
BELAYA VEJA PUSHCHASI, Belaya Veja o’rmoni — bug’, Neman va Pripyat daryolari suvayirg’ichlari hududidagi yirik o’rmon massivi. Belorussiya bilan Polsha chegaralarida joylashgan. Umumiy maydoni 150 ming gektar (jumladan Belorussiyaning Grodno va Brest viloyatlari hududida 87,6 ming gektar). Belaya Veja pushchasining Sharqiy qismi (Belorussiya hududi)da 1939 yilda davlat qo’riqxonasi tashkil etilib (umumiy maydoni 87,6 ming gektar), 1957 yildan ovchilik qo’riqxona xo’jaligiga aylantirilgan, 1991 yildan Belorussiya milliy bog’i. Belaya Veja pushchasining 81,5% hududi asrlar davomida kesilmagan qayin, dub, qarag’ay, archa va boshqalardan iborat o’rmon. Belaya Veja pushchasi 13-asrdan Polsha qirollarining ov qo’riqxonasiga aylantirilgan. 14-asrda zubrlarni ovlash chegaralangan, 1802 yildan butunlay taqiqlangan. 1-jahon urushi yillarida zubrlarning hammasi qirib yuborilgan. 1929 yilda Germaniya va Shvesiyadan 8 zubr keltirilib, pitomnik tashkil etilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin olimlarning sa’y-harakatlari bilan zoti toza zubrlar populyatsiyasi qayta tiklandi. Belaya Veja pushchasi o’zining zubrlari bilan jahonga mashhur. Belaya Veja pushchasida 55 dan ko’p turdagi hayvonlar (bug’u, cho’chqa, Olmaxon, tulki, Qunduz va boshqalar), 212 turdagi qushlar (kaptar, qora laylak, karkur va boshqalar) bor. 900 turdagi o’simliklar (jumladan 109 turdagi kam uchraydigan va 21 turdagi yo’qolib borayotgan o’simliklar) muhofaza qilinadi. Belaya Veja pushchasida yovvoyi hayvonlar ekologiyasi o’rganiladi, ulardan samarali foydalanish bilan birga hayvonlar va foydali o’simliklarni muhofaza qilish, qayta tiklash ishlari amalga oshiriladi. Ovchilik qo’riqxona xo’jaligida «Belaya Veja pushchasi» tabiat muzeyi tashkil etilgan. Belaya Veja pushchasining g’arbiy qismi (Polsha hududi)da 1947 yil Belovej xalq bog’i qo’riqxonasi barpo etilgan (umumiy maydoni salkam 58 ming gektar; tabiat muzeyi ham bor). Belaya Veja pushchasida 1991 yil 8 dekabrda sobiq «Qizil imperiya» — SSSRning parchalanganligi qayd qilindi. O’lmas Sobirov.