BELGOROD VILOYATI
BELGOROD VILOYATI – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1954 yil 6 yanvarda tuzilgan. Belgorod viloyatida 21 ma’muriy tuman, 9 shahar va 22 shaharcha bor. Maydoni 27,1 ming kilometr kvadrat. Markazi — Belgorod shahri. Belgorod viloyati O’rta Rossiya qirlarining Janubiy g’arbiy qismida. Yer yuzasi nisbatan baland tekislik, jar va soylik ko’p. Yirik temir ruda konlari (Kursk magnit anomaliyasi), bo’r, turli xil gillar bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi g’arbida — 8,1°, sharqida — 8°,— 7°, iyulniki g’arbida 19,6° va sharqida 21°, yiliga 420 — 590 millimetr yog’in tushadi. Daryolari: Severskiy Dones, Oskol, Tixaya Sosna, Vorskla. Bir necha suv omborlari qurilgan, ko’proq qoratuproq, daryo vodiylarida allyuvial tuproq uchraydi. Belgorod viloyati o’rmondasht zonasiga kiradi, Janub qismi dasht zonasida. Los, elik, qobon, buri, tulki, bo’rsiq, quyon, yumronqoziq yashaydi. Aholisi 1450 ming kishi (1999), shundan shahar aholisi 936 ming, qishloq aholisi 514 ming. Asosiy aholisi — ruslar; ukrain va b. millat vakillari ham yashaydi. Yirik shaharlari: Belgorod, Stariy Oskol, Gubkin, Alekseevka, Valuyki va boshqalar. Belgorod viloyatida qurilish materiallari, mashinasozlik va oziq-ovqat sanoati ko’proq taraqqiy etgan. Mashinasozlik sanoati korxonalari: Belgorod (yirik bug’qozoni zavodi), Stariy Oskol (mexanika zavodi), Shebekino (mashinasozlik zavodi), Volokonovkada (qishloq xo’jalik mashinalari tuzatish zavodi). Qurilish materiallari korxonalari ko’proq Belgorodda. Kursk magnit anomaliyasidagi temir konlari asosida konchilik sanoati rivojlangan. Oziq-ovqat sanoatida shakarqand, turli konservalar ishlab chiqariladi. Asosan arpa va bug’doy, shuningdek qora bug’doy, grechixa, tariq, makkajo’xori, qand lavlagi ekiladi. Sabzavotchilik va bog’dorchilik rivojlangan. Viloyat kashnich (koriandr) ekishda Rossiyada birinchi o’rinda. Kashnichdan parfyumeriya sanoatida ishlatiladigan efir moyi olinadi. Chorvachilik sut go’shtga ixtisoslashgan. Qoramol, cho’chqa, parranda boqiladi. Belgorod viloyatidan bir qancha magistral temir yo’llar va Moskva — Simferopol avtomobil yo’li o’tgan.